Vazirlik xodimlari uchun KNAUF kompaniyasi bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etildi
2025-11-11 12:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari uchun KNAUF kompaniyasi bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etildi. Tadbir kompaniya vakillari hamda mutasaddi tashkilotlar ishtirokida o‘tkazildi.
Seminarning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida barpo etilayotgan binolarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, xalqaro standartlarga asoslangan tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.
Unda Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi hamda Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi vakillari qatnashdi.
Seminar davomida yong‘inga chidamlilik bo‘yicha o‘tkazilgan amaliy sinovlar natijalari, qurilish materiallarining texnik xususiyatlari va ularning qo‘llanilish doiralari tahlil qilindi. Shuningdek, mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgan yonmaydigan materiallardan foydalanish imkoniyatlari, normativ talablarga muvofiqlikni ta’minlashda sinov hujjatlarining ahamiyati muhokama qilindi.
Seminar davomida kompaniyaning Yevropadan kelgan yong'in xavfsizligi bo'yicha yetakchi mutaxassislari ma'ruza qilishdi. Albatta, ular o'z tajribasi bilan o'rtoqlashib, xalqaro standartlarga asoslangan yondashuvlarni taqdim etishdi.
Tadbir yakunida esa ushbu yo‘nalishda malaka oshirish treninglarini tizimli ravishda tashkil etish, loyiha institutlari hamda texnik nazorat organlari mutaxassislarini o‘qitish masalalari kelishib olindi.


