Innovatsion rivojlanish agentligiga murojaat yuborish tartibi
INNOVATSION RIVOJLANISH AGENTLIGIDA JISMONIY VA YURIDIK SHAXSLARNING MUROJAATLARI BILAN ISHLASH
Innovatsion rivojlanish agentligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida namunaviy Nizom” muvofiq amalga oshiriladi.
Murojaatlar quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
ariza – huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;
taklif – davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarini o‘z ichiga olgan murojaat;
shikoyat – buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;
anonim murojaat – jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi maʼlumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on maʼlumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek, imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat;
murojaatning dublikati – aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;
takroriy murojaat – avvalgi murojaatlar bo‘yicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytda ko‘rib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan bo‘lsa, avvalgi murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan murojaat;
elektron murojaat – elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklidagi murojaat;
Murojaatlar og‘zaki yoki yozma yoxud elektron shaklda, davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.
Murojaatlar ariza, taklif va shikoyat tarzida bo‘lishi, jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etishlari mumkin.
Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi maʼlumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Yozma murojaat murojaat qiluvchi jismoniy shaxsning imzosi murojat qiluvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.
Agentlikka kelib tushgan murojaatlar «Elektron hujjat almashish» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
Agentlikda murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek, ko‘rib chiqilishini nazorat qilish murojaatlar bilan ishlash uchun masʼul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi yoki masʼul xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari Agentlik rahbari yoki murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmaning rahbari, shuningdek, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari yoxud boshqa masʼul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.
Ro‘yxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay Agnetlik rahbariga kiritiladi, u masʼul bo‘linmani belgilagan holda murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyutsiyani (topshiriqnomani) qo‘yadi.
Rezolyutsiya (topshiriqnoma) qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linmaga imzo qo‘ydirgan holda beradi.
Qo‘yilgan masalalarni hal etish Agentlikning vakolati doirasiga kirmaydigan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlar mavjud bo‘lmasa, besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.
Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular Agentlik mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan taqdirda muallifga murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboriladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.
Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari
Ariza yoki shikoyat masalani mazmuni bo‘yicha hal etishi shart bo‘lgan kelib tushgan kundan eʼtiboran o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli Agentlik rahbari tomonidan, istisno tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Taklif davlat Agentlikga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda takliflarni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.
Ayrim hollarda rahbar yoki uning o‘rinbosarlari murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishi mumkin.
Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish
Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.
Murojaatni anonim deb eʼtirof etish murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish
Agenlikda belgilangan kun va soatlarda jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va davlat organlarining majburiyatlari
Murojaat ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish
Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma tarkibiy bo‘linmalar tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o‘z vaqtida zarur tarzda ko‘rib chiqilishini taʼminlash chora-tadbirlarini ko‘radi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini taʼminlanmaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun taʼqib qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansolarlikka yo‘l qo‘yish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish tegishlicha maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.
