Kambag‘allikdan farovonlik sari
2025-06-18 19:30:00 / Yangiliklar

Xususan, 2025-yil mobaynida respublikamiz hududlaridagi 14 ta innovasion tumanda yoshlarni innovatsion loyihalarga jalb qilish, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlaridagi 7 ta texnoparkda 3 485 nafar kambag‘al oila a’zosi bo‘lgan yoshlarni innovatsion tadbirkorlikka o‘qitish, 92 ta innovatsion loyihalar doirasida tadbirkorlikka o‘rgatish, “Inno X” biznes inkubator dasturi doirasida 245 nafar kambag‘al oila a’zolarining startap loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashish belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda kambag‘al oila a’zolari uchun startap g‘oyalarni shakllantirish, biznes-reja tuzish, raqamli texnologiyalar, marketing va moliyaviy savodxonlik kabi mavzularda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Ana shunday o‘quv kurslarining navbatdagisi Termiz va Qarshi yoshlar texnoparklari tomonidan tashkil etildi. Ularda “Inno X” biznes inkubator dasturi imkoniyatlari, innovatsion loyihalarni shakllantirish, biznes boshlashda muhim ahamiyatga ega omillar, xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitlar xususida so‘z bordi. Seminar davomida ishtirokchilar Yoshlar texnoparklariga a’zo bo‘lish, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish, zamonaviy tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan bir qator savollariga javob oldilar. Ma’lumot o‘rnida, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida hozirga qadar 7 ta texnopark tomonidan ham shu kabi seminar-treninglar tashkil etildi. Ularda jami 2200 nafardan ortiq yoshlar o‘qitildi. Avvalroq, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Asr umidi” MCHJning “O‘simliklar klinikasi” loyihasi doirasida Marhamat innovatsion tumanidagi kambag‘al oilalar xonadonlarida barpo etilgan issiqxonalarda “Yava va Ferrari F1” navli 3 yillik bulg‘or qalampirlaridan ilk hosil olingani haqida yozgandik.






