Xalqaro reyting va indekslarni birga tadqiq etamiz!
2025-04-18 17:55:00 / Yangiliklar

Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi yig‘ilishining 2025-yil 17-yanvardagi 14-son bayonida belgilangan vazifalar ilmiy yechimiga qaratilgan Ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturi doirasida bajariladigan amaliy tadqiqot loyihalari tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq “Iqtisodiyot fanlari” va “Huquq fanlari” fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi.
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim. Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2025-yil 10-iyulga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Loyiha rasmiylashtirish shakli bilan tanishish uchun bu yerni bosing.
1. Loyihani amalga oshirish boshlangan vaqtda tuzilgan ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi, qoida tariqasida, 45 yoshdan oshmasligi kerak. (Ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi barcha ijrochilarning yoshini o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi).
2. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslarga masʼul ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin.
Xalqaro reyting va indekslarga masʼul bo‘lmagan ilmiy tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.
Ijrochi tashkilot tomonidan loyiha doirasida bajariladigan ishlar boshqa manbalardan moliyalashtirilmasligi shart.
3. Tanlovda taqdim etiladigan loyiha talabnomasi tegishli xalqaro reyting va indekslarga mas’ul vazirlik va idoralarning qo‘llab-quvvatlash xati orqali qabul qilinadi.
Mas’ul vazirlik va idoralarning qo‘llab-quvvatlash xati taqdim etilmagan taqdirda, amaliy tadqiqot loyiha talabnomasi tanlovdan chetlashtiriladi.
4. Talabnomada loyiha yakunida kutiladigan natijani tegishli xalqaro reyting va indekslarga mas’ul vazirlik va idoralarga yetkazish hamda amaliyotda foydalanish uchun qabul qilinganligi to‘g‘risida xulosa olish nazarda tutililgan bo‘ladi.
5. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin.
Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi
va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.
6. Ilmiy loyiha hujjatlarini Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlarning elektron nusxalari (pdf/doc) Elektron platformaga yuklanadi:
- ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (pdf);
- ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (pdf);
- amaliy loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, pdf va uning matn redaktori dasturidagi (doc/docx) shakli).
7. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
Izoh: Ijrochi tashkilot loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyilganligi haqida vakolatli tuzilmaning (xizmatning) xulosasi taqdim etilmagan taqdirda, amaliy tadqiqot loyiha talabnomasi tanlovdan chetlashtiriladi.
8. Tanlovga bajarilishi ikki yil muddatga moʻljallangan amaliy tadqiqot loyihalar qabul qilinadi.
Belgilanga muddatdan ortiq muddatlarga rejalashtirilgan loyihalar dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazilmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
9. Loyihani bajarish bilan bog’liq xarajatlar loyiha qiymati doirasida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5000 barobarigacha rejalashtiriladi. Bunda:
amaliy tadqiqot loyihasining bajarilishi xususiyatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 90-bandiga asosan loyiha doirasida ajratilgan mablag‘lar ilmiy izlanishlar olib borishga, shuningdek, ish haqidan tashqari, umumiy mablag‘ning kamida 20 foizi ilmiy asbob-uskunalar, xom ashyolar hamda boshqa zarur materiallarni xarid qilish va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarga yo‘naltiriladi;
loyihaning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) baravarida koʻrsatiladi;
tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda havolaga (https://loyiha.ilmiy.uz/site/example-docs) joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi;
loyiha qiymatini sun’iy ravishda oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
loyiha ishtirokchilarining ishtirok etish ulushi (stavka miqdori) ularning loyihadagi vazifasiga mutanosib bo‘ladi (masalan, loyihaga to‘liq stavkada jalb etilgan ijrochi loyihaga asosiy shtatdagi xodim sifatida rasmiylashtirishni nazarda tutadi va boshqa tashkilotlarda to‘liq stavkada va asosiy ish joyida ishlamaydi);
loyiha doirasida avtotransport vositalarini xarid qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Tanlovga topshiriladigan loyihalar axborot tizimlarini ishlab chiqish, kompleks foydalanishga asoslangan dasturiy mahsulotlar, veb platformalar ( mobil ilovalar) yaratishga qaratilgan bo‘lsa, kamida uch yillik "hosting" va "domen" (mobil ilova bo'lsa, mobil ilovalar do'koniga joylashtirish) xarajatlarini 5.4-shakldagi "loyihaning boshqa shu kabi xarajatlar" bandiga kiritish lozim. Bundan tashqari loyiha doirasida ishlab chiqiladigan yakuniy mahsulotni texnik qo'llab-quvvatlash harajatlarini qoplash maqsadida o'z-o'zini moliyalashtirish mexanizmini asoslantirish yoki ijrochi tashkilotning texnik qo'llab-quvvatlash harajatlarni qoplab berishi bo'yicha kafolat xati ilova qilish talab etiladi.
Eslatma:
1. Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
2. Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
3. Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (537, 132, 413).
