Seysmologiya sohasidagi muammolarni birga hal qilamiz!
2025-04-17 17:15:00 / Yangiliklar

Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan Ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturi doirasida bajariladigan amaliy tadqiqot loyihalari tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Tanlovning asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 17-apreldagi PQ-161-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarilishida ilmiy yechimlarni ishlab chiqish uchun amaliy tadqiqot loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan.
Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishi boʻyicha eʼlon qilinadi:
- Yer toʻgʻrisidagi fanlar
- Matematika, fizika va mexanika fanlari
- Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik fanlari
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim. Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2025-yil 16-iyulga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Loyihani rasmiylashtirish shakli bilan tanishish uchun bu yerni bosing.
- Loyihani amalga oshirish boshlangan vaqtda tuzilgan ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi, qoida tariqasida, 45 yoshdan oshmasligi kerak. (Ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi barcha ijrochilarning yoshini o‘rtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi).
- Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.
- Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin.
Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.
- Ilmiy loyiha hujjatlarini Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlarning elektron nusxalari (pdf/doc) Elektron platformaga yuklanadi:
- ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo‘llanma xat (pdf);
- ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma (pdf);
- amaliy loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, pdf va uning matn redaktori dasturidagi (doc/docx) shakli;
- Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
Izoh: Ijrochi tashkilot loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyilganligi haqida vakolatli tuzilmaning (xizmatning) xulosasi taqdim etilmagan taqdirda, amaliy tadqiqot loyiha talabnomasi tanlovdan chetlashtiriladi.
- Tanlovga bajarilishi ikki yil muddatga moʻljallangan amaliy tadqiqot loyihalari qabul qilinadi.
Belgilanga muddatdan ortiq muddatlarga rejalashtirilgan loyihalar dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazilmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
- Loyihani bajarish bilan bog‘liq xarajatlar loyiha qiymati doirasida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 4500 barobarigacha rejalashtiriladi. Bunda:
amaliy tadqiqot loyihasining bajarilishi xususiyatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 90-bandiga asosan loyiha doirasida ish xaqini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar loyihaning umumiy qiymatida 60 foizdan oshirilmaydi;
loyihaning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) baravarida koʻrsatiladi;
tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda havolaga (https://loyiha.ilmiy.uz/site/example-docs) joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi;
loyiha qiymatini sun’iy ravishda oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;
loyiha ishtirokchilarining ishtirok etish ulushi (stavka miqdori) ularning loyihadagi vazifasiga mutanosib bo‘ladi (masalan, loyihaga to‘liq stavkada jalb etilgan ijrochi loyihaga asosiy shtatdagi xodim sifatida rasmiylashtirishni nazarda tutadi va boshqa tashkilotlarda to‘liq stavkada va asosiy ish joyida ishlamaydi);
loyiha doirasida avtotransport vositalarini xarid qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Eslatma:
- Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichida koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
- Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
- Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (537, 132, 413).
