Malayziya tajribasi asosida O‘zbekistonda xavfsiz turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda
2026-10-20 18:40:00 / Yangiliklar

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti assistenti, turizm xavfsizligi yo‘nalishida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchi Malika Mardonova Innovatsion rivojlanish agentligining xorijiy stajirovka dasturi doirasida Malayziyaning Sulton Idris universitetida ilmiy stajirovkani muvaffaqiyatli yakunladi.
Stajirovka davomida tadqiqotchi ochiq havoda ta’limni tashkil etish — “Outdoor Education” hamda tajribaga asoslangan ta’lim — “Experiential Learning” yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rgandi. Olingan bilim va amaliy tajribalar asosida O‘zbekiston uchun “National Outdoor Education SOP” — ochiq havodagi ta’lim faoliyatini xavfsiz tashkil etishga qaratilgan standart operatsion tartiblar loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etdi.
Mazkur loyiha ochiq havoda o‘tkaziladigan ta’limiy mashg‘ulotlar va amaliy faoliyat jarayonida xavfsizlikni ta’minlash, ehtimoliy xavflarni oldindan aniqlash va baholash hamda ularning oldini olish choralarini tizimli belgilashga qaratilgan. Loyiha doirasida xavfsizlik yo‘riqnomalari, risklarni baholash shakllari va xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha metodik tavsiyalar tayyorlandi.
Ilmiy stajirovka davomida Malayziyada xavfsiz turizmni tashkil etish amaliyoti ham o‘rganildi. Jumladan, turistik faoliyat bilan bog‘liq xavf omillarini aniqlash, risklarni boshqarish, sayohatchilar xavfsizligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bo‘yicha tajriba orttirildi. To‘plangan materiallar O‘zbekistonda xavfsiz turizmni rivojlantirishga qaratilgan keyingi ilmiy tadqiqotlarda foydalanish uchun umumlashtirildi.
Tadqiqotchining ta’kidlashicha, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini milliy ta’lim tizimiga moslashtirish bo‘lajak turizm mutaxassislarining nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois “Outdoor Education” va “Experiential Learning” usullarini turizm ta’limiga integratsiya qilish, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish hamda xalqaro tajriba asosida turistik faoliyatni tashkil etish usullarini takomillashtirish tadqiqotning asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Mazkur stajirovka xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy tajribani mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish va ilmiy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Tadqiqotchi tomonidan o‘rganilgan tajriba va ishlab chiqilgan metodik tavsiyalar kelgusida O‘zbekistonda ochiq havodagi ta’lim faoliyatini xavfsiz tashkil etish hamda turizm xavfsizligi sohasidagi ilmiy izlanishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Ushbu ilmiy stajirovka ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.


