Hududlarda ilm-fan va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish, choralari ko‘rilmoqda
2026-10-20 17:00:00 / Yangiliklar

Hududlarda ilm-fan va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish, Yoshlar texnoparklari imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda yoshlarning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dolzarb masalalardan sanaladi. Shu maqsadda Agentlik direktori o‘rinbosari J.Abdujalilov hamda direktor maslahatchisi U.Toshkenboyevlar texnoparklarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish va hududiy oliy ta’lim muassasalari vakillarini o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganish maqsadida hududlarga xizmat safarini amalga oshirmoqdalar.
Xususan, Agentlik direktori o‘rinbosari J.Abdujalilov Andijon, Farg‘ona va Namangan yoshlar texnoparkida direktor maslahatchisi U.Toshkenboyev esa Qarshi va Termiz yoshlar texnoparklarida bo‘ldi.
Uchrashuvlarda hududiy oliy ta’lim muassasalarining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, hududiy boshqarma va tashkilotlar vakillari, olimlar, tadbirkorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Yoshlar texnoparklarining mavjud infratuzilmasi va laboratoriya imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hudud iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda yangi loyihalarni shakllantirish va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, yoshlarning ilmiy va innovatsion faoliyatga qiziqishini oshirish, talabalar hamda yosh olimlarning istiqbolli tashabbuslarini aniqlash, ularni startap loyihalarga aylantirish va amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratish masalalari muhokama qilindi. Bunda yoshlarni g‘oya ishlab chiqishdan tortib, uni amaliyotga tatbiq etishgacha bo‘lgan jarayonlarga jalb qilish, loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahat va amaliy ko‘mak berish, shuningdek, mavjud moliyalashtirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, korxonalarning amaliy muammolariga ilmiy yechimlar topish hamda talabalar uchun dual ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu orqali yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, hududlar uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash va ilmiy ishlanmalarning iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etilishini jadallashtirish ko‘zda tutilgan.
Xizmat safarlari doirasidagi uchrashuvlar yakunida Yoshlar texnoparklari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlanib, ularning faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, laboratoriya imkoniyatlaridan keng foydalanish, yoshlarni innovatsion faoliyatga jalb etish va dual ta’limni rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar kelishib olindi.
Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida hududiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, Yoshlar texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning istiqbolli g‘oyalarini aniqlash, ularni amaliy loyihalarga aylantirish hamda moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
Mazkur xizmat safarlarining asosiy maqsadi — Yoshlar texnoparklarini hududlarda ilm-fan, innovatsiya va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning samarali maydoniga aylantirish, yoshlarning ijodiy va ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda innovatsion g‘oyalarni amaliy natijalarga yo‘naltirishdan iborat.






