Nukusda ilmiy va innovatsion loyihalarni rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi
2026-10-19 16:40:00 / Yangiliklar

Nukus shahrida ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va startap loyihalarni rivojlantirish, yoshlarni ushbu jarayonlarga keng jalb etish borasida muayyan tajriba shakllangan. Xususan, Nukus yoshlar texnoparkida yosh muhandislar ishtirokida “Aral 01”, “Aral 18” va “Aral Drive” kabi muhandislikka yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu kabi tashabbuslar yoshlarning texnik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yangi g‘oyalarni amaliy ishlanmalarga aylantirish hamda hududda innovatsion muhitni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hududdagi ilmiy va innovatsion infratuzilma imkoniyatlarini o‘rganish, mavjud loyihalar samaradorligini oshirish, istiqboldagi rejalarni muhokama qilish va hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi direktorining o‘rinbosari I. Jaxongirov Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahrida xizmat safarida bo‘ldi.
Safar davomida dastlab Nukus yoshlar texnoparki faoliyati, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar va yoshlarning muhandislik ishlanmalari bilan yaqindan tanishildi. Shundan so‘ng oliy ta’lim muassasasining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda ilmiy muassasalar vakillari bilan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda ishtirok etish tartibi, ilmiy loyihalarni tayyorlash va taqdim etish talablari, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, loyiha tashabbuskorlarini qiynayotgan muammolar, ularning yechimlari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Yosh startapchilar bilan tashkil etilgan uchrashuv esa yangi innovatsion g‘oyalar va istiqbolli tashabbuslarni muhokama qilishga bag‘ishlandi. Suhbat davomida yoshlar o‘z g‘oyalari bilan o‘rtoqlashib, ularni amaliyotga tatbiq etish, loyihalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Xizmat safari doirasida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi faoliyati ham o‘rganildi. Markazda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi. Hududning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirishga qaratilgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Bu kabi xizmat safarlari hududdagi mavjud ilmiy va innovatsion imkoniyatlarni bevosita joyida o‘rganish, loyiha tashabbuskorlari bilan ochiq muloqot qilish hamda ularning ehtiyoj va takliflarini aniqlash, ilmiy g‘oyalarni amaliy natijaga aylantirish, yoshlarning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hududlarda innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.









