AQSh ekspertlari ishtirokida intellektual mulkni tijoratlashtirish bo‘yicha xalqaro seminar boshlandi
2026-10-19 15:15:00 / Yangiliklar

Bugun, 19-oktabr kuni Innovatsion rivojlanish agentligida intellektual mulkni tijoratlashtirish va texnologik startaplarni rivojlantirishga bag‘ishlangan uch kunlik xalqaro seminar o‘z ishini boshladi. Seminar Innovatsion rivojlanish agentligi hamda AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) hamkorligida tashkil etilib, unda AQSh Savdo vazirligi va Kornell universiteti ekspertlari ishtirok etmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — O‘zbekiston olimlari, ixtirochilari va texnologik startap vakillariga o‘z ilmiy ishlanmalari va intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish, ularning tijorat salohiyatini baholash hamda bozorga olib chiqish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berishdan iborat.
Seminarning birinchi kunida texnologiyalar transferi ofislarini boshqarish, startaplarni rivojlantirish va biznes-inkubatorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha xalqaro tajriba taqdim etilmoqda. Shuningdek, patentlar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va tijorat sirlarini himoya qilish, patent qidiruvini amalga oshirish hamda xalqaro patentlash strategiyalarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilinmoqda.
Bundan tashqari, texnologik ishlanmalarni bozorga olib chiqish, innovatsion mahsulotlarni ilgari surish, startaplar uchun zarur resurs va investitsiyalarni jalb qilish, AQSh kompaniyalari bilan muzokaralar olib borish hamda litsenziyalash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Seminarning yana bir muhim jihati — mahalliy texnologik startaplar bilan individual ishlashga qaratilganidir. 20–21-oktabr kunlari mavjud yoki istiqbolli intellektual mulk obyektlariga ega bo‘lgan 20 tagacha mahalliy startap uchun yakka tartibdagi maslahat va kouching sessiyalari o‘tkaziladi. Ushbu sessiyalarda har bir loyihaning o‘ziga xos jihatlari, intellektual mulkni himoya qilish mexanizmlari, tijoratlashtirish yo‘llari va AQSh hamkorlari bilan ishlash istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Dastur doirasida Kornell universiteti ekspertlari Richard Kaxun (Richard Cahoon) va Luis Uolser (Louis Walcer), shuningdek, CLDP katta yuristi Jeyms Filpi (James Filpi) o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Ularning ishtiroki texnologiyalar transferi, litsenziyalash, innovatsion korxonalarni tashkil etish va ilmiy ishlanmalarni tijorat mahsulotiga aylantirish bo‘yicha xalqaro tajribani mahalliy mutaxassislar bilan bo‘lishish imkonini beradi.
Ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirish innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, mazkur seminar mahalliy olimlar va startaplar uchun o‘z ishlanmalarining bozor salohiyatini aniqlash, intellektual mulkni samarali himoya qilish va xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishda muhim amaliy maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) 2022-yildan buyon O‘zbekistonda texnologiyalar transferi va intellektual mulkni tijoratlashtirish yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida davlat tashkilotlari hamda mahalliy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
