O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha tajriba almashildi
2026-10-07 15:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha tajriba almashildi
Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Taj-Tech–2026” xalqaro texnologik forumi va ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda 41 mamlakat vakillari qatnashdi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Tojikistonning ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga bag‘ishlangan amaliy seminari ham o‘tkazildi.
“Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish: texnologiyalar transferi, investitsiyalarni jalb qilish va bozorga chiqishning samarali mexanizmlari” mavzusidagi seminar ikki sessiyada tashkil etildi. Unda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, universitetlar va ilmiy tashkilotlar huzurida “spin-off” kompaniyalarni tashkil etish, loyihalarni moliyalashtirish hamda innovatsion mahsulotlarni bozorga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Agentlik vakillari O‘zbekistonning innovatsion ekotizimi, ilmiy loyihalarni tanlash va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, “INNO” va “Yashnobod” texnoparklari hamda hududiy innovatsion infratuzilma imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Xususan, “Ilmiy ishlanmadan tayyor mahsulotgacha: mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish — O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi ma’ruzada MUNIS va SATREPS xalqaro loyihalari, venchur fondlari hamda ilmiy loyihalarni turli bosqichlarda moliyalashtirish manbalari haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, investitsiya jalb etishda aniq muammoga yo‘naltirilgan loyiha, sinovdan o‘tgan ilmiy ishlanma va bozor talabini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Tadbir O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha tajriba almashish, texnologik kompaniyalar bilan aloqalarni kengaytirish va mintaqaviy innovatsion hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni muhokama qilishga xizmat qildi.


