Mustaqillik yillari — bunyodkorlik va taraqqiyot davri
2026-10-06 16:20:00 / Yangiliklar

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlik bo‘limi bosh mutaxassisi, tarix fanlari doktori, dotsent Farhod Ochilov hamda “Targ‘ibotchilar” jamiyati a’zosi, falsafa fanlari doktori, O‘zbekiston Milliy universiteti professori Jalol Yusubov ishtirok etib, ma’ruza qildi.
Seminar davomida xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, milliy davlatchiligimiz shakllanish jarayonlari, yurtimizning mustaqillikka erishish yo‘li, ozodlik va istiqlol uchun olib borilgan kurashlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Amir Temur va boshqa buyuk ajdodlarimizning davlatchilik tarixidagi o‘rni va yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, milliy o‘zlik va tarixiy xotiraning bugungi avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’ruzachilar Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bildirilgan fikrlarga ham to‘xtalib, unda belgilangan ustuvor vazifalar va mamlakat taraqqiyotining 7 ta asosiy yo‘nalishi haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Ta’kidlanganidek, bugun Yangi O‘zbekistonda har bir soha qatorida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ilmiy infratuzilmani rivojlantirish, yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatning ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Seminarda bugungi yutuqlar zamirida tarixiy xotira, milliy g‘urur va mustaqillik qadri mujassam ekani, mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichida har bir sohada, jumladan, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishida ham yanada katta mas’uliyat bilan mehnat qilish zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi hamda Prezident nutqida ilgari surilgan g‘oyalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda har bir xodimning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.






