Tuproqdagi tuz va namlik harakati matematik model va sun’iy intellekt yordamida o‘rganilmoqda
2026-10-02 18:45:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tuproqlarning sho‘rlanishi hamda namlik harakati matematik modellashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘rganilmoqda.
Mazkur tadqiqotni Ma’mun universiteti professori v.b., PhD, dotsent Soxibjan Mo‘minov Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan “Akademik harakatchanlik” dasturi (2026-1) tanlovi doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida olib bormoqda.
Tadqiqot davomida hudud tuproqlaridagi tuz va namlik harakatining qonuniyatlarini aniqlash, ularni matematik modellar asosida ifodalash hamda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida prognozlash imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Olingan natijalar asosida sho‘rlanishning oldini olish va unga qarshi kurashish choralarini ilmiy asosda rejalashtirish, sug‘orish suvlaridan samarali foydalanish hamda yer unumdorligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Loyiha yakunida mintaqa sharoitida sinovdan o‘tgan matematik model va tegishli dasturiy ta’minot yaratish, shuningdek, tadqiqot natijalarini xalqaro ilmiy nashrlarda e’lon qilish rejalashtirilgan.
