Texnogen chiqindilar — muammo emas, ikkilamchi resurs
2026-09-30 11:15:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoatida hosil bo‘ladigan chiqindilarni faqat muammo sifatida emas, balki qayta foydalanish mumkin bo‘lgan resurs sifatida baholash imkonini beradigan yangi yondashuv O‘zbekistonda amaliy tadqiqotlarda sinovdan o‘tkazilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Malayziyaning Sultan Idris universitetida ilmiy stajirovka o‘tab qaytgan o‘zbekistonlik yosh olim, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti Anzor Mahammatov texnogen chiqindilar tarkibidagi foydali elementlarni qayta olish, zararli moddalarning atrof-muhitga tarqalishini kamaytirish va chiqindilarni qayta ishlashning samarali usullarini tanlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni o‘rgandi.
Stajirovkaning aniq natijasi — 5 turdagi o‘simlik istiqbolli obyekt sifatida tanlandi
Stajirovka davomida texnogen chiqindilar ta’sirida ifloslangan hududlarni o‘simliklar yordamida tiklash imkoniyatlari ham o‘rganildi.
Natijada 5 turdagi o‘simlik istiqbolli biologik obyekt sifatida tanlab olindi. Ularning 3 tasi O‘zbekiston sharoitida uchraydigan mahalliy o‘simliklar — jiyda, Babilon toli va yantoq. Yana 2 ta o‘simlik esa Malayziya tajribasi asosida istiqbolli turlar sifatida belgilandi.
Ushbu o‘simliklarning texnogen chiqindilar mavjud bo‘lgan muhitda o‘sishi, chiqindi tarkibidagi ayrim elementlarni o‘zlashtirishi va ularni o‘zining turli qismlarida to‘plashi o‘rganiladi.
Bu esa kelgusida ayrim chiqindi hududlarini o‘simliklar yordamida ekologik jihatdan xavfsizlashtirish imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi.
Chiqindiga qarab usul tanlanadi
Stajirovkaning yana bir muhim natijasi — texnogen chiqindilarni qayta ishlashda barcha holatlar uchun bir xil usuldan foydalanib bo‘lmasligi haqidagi amaliy yondashuvning o‘zlashtirilganidir.
Avvalo chiqindining tarkibi, unda qanday foydali va zararli elementlar mavjudligi hamda ular qanday holatda ekanini aniqlash talab etiladi. Shundan keyingina chiqindidan foydali komponentlarni ajratib olish yoki zararli elementlarning tarqalishini kamaytirishning maqbul usuli tanlanadi.
Stajirovka davomida mikroorganizmlar, tabiiy kislotalar va o‘simliklardan foydalanib, chiqindilar tarkibidagi foydali elementlarni ajratib olish imkoniyatlari o‘rganildi.
Shuningdek, chiqindilarning tarkibini aniqlash va o‘simliklarda to‘plangan elementlarni baholashning zamonaviy laboratoriya usullari o‘zlashtirildi.
O‘rganilgan bilimlar O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etilmoqda
Stajirovkaning muhim jihati shundaki, o‘rganilgan usul va yondashuvlar faqat nazariy bilim sifatida qolib ketmay, O‘zbekistondagi real texnogen chiqindi namunalarida sinab ko‘rilmoqda.
Hozirgi bosqichda texnogen chiqindi hududidan 100 kilogramm namuna olinib, uning tarkibi va xususiyatlari laboratoriya sharoitida o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, tanlab olingan 5 turdagi o‘simlik tajriba sharoitida ekilib, ularning chiqindi muhitida o‘sishi, tarkibidagi elementlarni o‘zlashtirishi va ushbu elementlarning o‘simlikning ildizi, poyasi hamda barglarida qanday taqsimlanishi kuzatilmoqda.
Olingan natijalar asosida kelgusida muayyan turdagi texnogen chiqindilarni qayta ishlash yoki ekologik xavfini kamaytirish uchun qaysi usuldan foydalanish maqsadga muvofiqligi aniqlanadi.
Texnogen chiqindi — qayta baholanishi kerak bo‘lgan resurs
Tog‘-kon korxonalarida hosil bo‘ladigan chiqindilar tarkibida nafaqat atrof-muhit uchun xavfli moddalar, balki qayta foydalanish mumkin bo‘lgan qimmatli elementlar ham bo‘lishi mumkin.
Shu sababli mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi chiqindilarni shunchaki saqlash bilan cheklanmasdan, ularning tarkibini chuqur o‘rganish, foydali komponentlarini aniqlash va ekologik xavfni kamaytirgan holda ulardan ikkilamchi resurs sifatida foydalanish imkoniyatlarini ilmiy asoslashdan iborat.
Kelgusida ushbu yondashuvni O‘zbekistondagi turli konchilik korxonalarining texnogen chiqindilarini o‘rganishda qo‘llash, har bir chiqindi turi uchun mos qayta ishlash usulini aniqlash va foydali komponentlarni qayta olish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Shunday qilib, Malayziyadagi ilmiy stajirovka natijasida o‘zlashtirilgan yangi bilim va usullar O‘zbekiston sharoitidagi amaliy tadqiqotlarga olib kirildi. Bu esa texnogen chiqindilarni ekologik muammo sifatida emas, balki o‘rganish, qayta ishlash va iqtisodiy qiymatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi resurs sifatida baholashga yangi imkoniyat yaratmoqda.
Mazkur ilmiy stajirovka Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirildi.

