“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida qo‘shma laboratoriya tashkil etiladi
2026-09-23 16:15:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligida Xitoyning “State Grid Gansu Electric Power Company” tashkiloti Fan va texnologiyalar departamenti rahbariyati hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida energetik meteorologiya yo‘nalishida qo‘shma laboratoriya tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Laboratoriya doirasida energetika va meteorologiya sohalarida zamonaviy ilmiy-tadqiqotlarni olib borish, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga joriy etish, zamonaviy ilmiy uskunalar va texnologiyalardan samarali foydalanish, shuningdek, ilmiy salohiyatni yanada oshirishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida qo‘shma laboratoriyaning asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash, zarur ilmiy va moddiy-texnik bazani shakllantirish hamda istiqbolli ilmiy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston–Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha quyi qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.






