“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida sirfid pashshalar o‘rganilmoqda
2026-09-22 16:20:00 / Yangiliklar

Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti zoologiya kafedrasi o‘qituvchisi, Muhammadto‘ychi Rahimov Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan “Akademik harakatchanlik” dasturi (2026-1) tanlovi g‘olibi.
U dastur doirasida Andijon davlat universitetida “O‘zbekiston sirfid pashshalari xilma-xilligi va ularni identifikatsiya qilishning morfologik hamda molekulyar asoslari” mavzusida ilmiy-tadqiqot loyihasini amalga oshirmoqda.
Sirfid pashshalarni tadqiq etish O‘zbekistonning biologik xilma-xilligini o‘rganish va ushbu hasharotlarning ekotizimdagi o‘rnini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Voyaga yetgan sirfid pashshalarning ko‘plab turlari gul nektari va changi bilan oziqlanib, o‘simliklarning changlanishida ishtirok etadi. Ayrim turlarining lichinkalari esa shira kabi o‘simlik zararkunandalari bilan oziqlanadi. Shu jihatdan ular qishloq xo‘jaligida zararkunandalarga qarshi biologik kurashda ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida tarqalgan sirfid pashshalar faunasining zamonaviy taksonomik tarkibini aniqlash, ularning morfologik va molekulyar xususiyatlarini o‘rganish hamda COI geni asosida DNK-barkodlash usuli orqali turlarni ishonchli identifikatsiya qilishdan iborat.
Loyiha doirasida O‘zbekistonning turli hududlaridan yig‘ilgan kolleksiya materiallari va Andijon davlat universitetining entomologik kolleksiyasi o‘rganilmoqda. Shuningdek, zamonaviy molekulyar biologiya usullari asosida sirfid pashshalarning genetik xilma-xilligi va filogenetik aloqalarini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.
Tadqiqot yakunida O‘zbekiston sirfid pashshalarining yangilangan faunistik ro‘yxatini shakllantirish, milliy genetik ma’lumotlar bazasini yaratish, DNK kriobankini tashkil etish, shuningdek, sirfid pashshalarni aniqlashga mo‘ljallangan interaktiv aniqlagich va mobil ilovani ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Mazkur tadqiqot natijalari O‘zbekiston entomofaunasi bo‘yicha ilmiy ma’lumotlarni boyitish, biologik xilma-xillikni o‘rganish, o‘simliklarni changlatuvchi va tabiiy zararkunanda nazoratchisi sifatidagi foydali hasharotlar haqidagi ma’lumotlarni kengaytirish hamda zamonaviy molekulyar-taksonomik tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

