Chiqindidan — energiya, ekologik muammodan — iqtisodiy imkoniyat
2026-09-11 14:20:00 / Yangiliklar

Chiqindi ko‘pincha ekologik muammo sifatida qaraladi. Biroq zamonaviy texnologiyalar uni qayta ishlanadigan xomashyo, energiya manbai va yangi iqtisodiy imkoniyatga aylantirish imkonini bermoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari taqdim etildi.
Unda 2026–2027-yillarda mamlakatimizning qator hududlarida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan 11 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Bu loyihalar orqali katta miqdordagi maishiy chiqindilar qayta ishlanib, elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Sirdaryo viloyatining Boyovut innovatsion tumanida amalga oshirilayotgan xalqaro loyihani mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarga misol qilib keltirish mumkin.
Mazkur loyiha Prezidentimiz tomonidan chiqindilarni qayta ishlash, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida boshlangan.
Loyiha doirasida Janubiy Koreyaning KECC Holding Group hamda Geotech Engineering-Design Group kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Dastlabki bosqichda chiqindilarni saralash va qayta ishlash, poligon gazidan elektr energiyasi olish, shuningdek, irrigatsiya kanallari asosida mini GESlar tashkil etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga xizmat safari davomida xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, loyiha konsepsiyasi yanada takomillashtirildi.
Loyihaning yana bir muhim jihati — uni amalga oshirish uchun Janubiy Koreya hukumatining grant mablag‘larini jalb etish rejalashtirilayotganidir.
Shuningdek, INNOWEEK-2026 xalqaro innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar haftaligi doirasida Janubiy Koreya kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan. Bu hujjat Boyovutda chiqindilarni qayta ishlash, ulardan energiya olish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Eng muhimi, bu jarayonda chiqindiga bo‘lgan munosabat o‘zgarmoqda. U endi faqat zararsizlantirilishi lozim bo‘lgan chiqindi emas, balki qayta ishlash orqali energiya, yangi ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymat yaratish mumkin bo‘lgan resurs sifatida qaralmoqda.
Boyovut innovatsion tumanidagi loyiha ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasi bo‘lib, ekologik vazifalarni iqtisodiy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

