#Matbuot_sahifalarida | Ilmiy ishlanmadan qo‘shilgan qiymatgacha: Endi fan sohasidagi yutuqlar foyda keltirmoqda
2026-09-11 09:45:00 / Yangiliklar

2017-yildan eʼtiboran ilm-fan bilan bozor iqtisodiyotining mustahkam integratsiyasini taʼminlaydigan tizim yaratish va ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirishga toʻsiq boʻlib turgan qator muammolarni bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar boshlandi. Jumladan, mazkur yoʻnalishda yagona muvofiqlashtiruvchi organning yoʻqligi, ilmiy tadqiqot muassasalarining tarqoq ishlayotgani, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasining taʼminlanmagani ochiq tan olindi.
Shuningdek, 2018-yildan ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha yagona davlat siyosati shakllana boshladi. Keyingi qadamlar bir-birini izchil toʻldirdi: ilmiy natijalarni tijoriylashtirish mexanizmlari yaratildi. 2019-yilda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi, 2020-yilda esa “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Shu tariqa ilmiy gʻoyani qoʻllab-quvvatlash, moliyalashtirish, ekspertizadan oʻtkazish, ishlab chiqarishga joriy etish va undan manfaat koʻrishning mustahkam huquqiy poydevori paydo boʻldi.
Natija raqamlarda ham oʻz aksini topdi. Xususan, 2022-yilning oʻzida umumiy qiymati 22 milliard soʻmlik 255 ta ilmiy ishlanma tijoriylashtirildi. Oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar bilan tarmoq korxonalari oʻrtasida 22,7 milliard soʻmlik 79 ta shartnoma imzolandi. Mazkur raqamlar ilm-fan faqat byudjetdan mablagʻ oladigan soha emas, toʻgʻri mexanizm yoʻlga qoʻyilsa, daromad va qoʻshilgan qiymat yarata oladigan kuch ekanining dalili edi.
Biroq erishilgan natijalar bilan cheklanib qolish mumkin emasdi.
Ilmiy ishlanma asosida barqaror ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, bozorni muntazam mahsulot bilan taʼminlash uchun oliy taʼlim va ilmiy tashkilotning oʻzi korxonaga muassis boʻla olishi, investorni teng huquqli sherik sifatida jalb etishi, ayni vaqtda foydani yana texnologiyaga yoʻnaltirishi va innovatsion biznesning moliyaviy xatar yuqori dastlabki davrida huquqiy jihatdan himoyaga ega boʻlishi zarur edi.
Prezidentimizning 2022-yil 6-iyuldagi “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda “spin-off” korxonalarini tashkil etishga dastlabki yoʻl ochildi. Ammo innovatsion rivojlanish sohasida orttirilgan tajriba oliy taʼlim va ilmiy tashkilot muassis boʻlgan yuqori xatarli innovatsion korxonani oddiy davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatidan ajratib turuvchi maxsus huquqiy tizim, investor kiritish imkoniyati, foydani qayta investitsiya qilish mexanizmi, boʻsh infratuzilmadan foydalanish va dastlabki davrda korxonani saqlab qolish kafolatlari yetarli emasligini koʻrsatdi.
Natijada tashkil etilgan “spin-off” korxonalarining 60 foizi tugatildi. Bu holat yaxshi tashabbusni boshlashning oʻzi yetarli emasligini, uning barqaror ishlashi uchun mustahkam huquqiy va iqtisodiy muhit yaratish zarurligini koʻrsatgan achchiq, lekin foydali tajriba edi. Ilm-fan va innovatsiyalar rivojining navbatdagi bosqichi aynan shu ehtiyojdan tugʻildi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 4-apreldagi “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ana shu boʻshliqni toʻldirdi. Farmon ilmiy natijaning bozor iqtisodiyotiga kirib borish yoʻlidagi ortiqcha toʻsiqlarni bartaraf etdi. Ilmiy koʻlamdor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun investitsiyaviy jozibadorlik muhiti yaratildi, “spin-off” korxonalarini dastlabki yillarda majburiy tugatilishdan himoya qildi va ularni soliq imtiyozlari orqali ragʻbatlantirdi.
Oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar muassisligida patentlangan ishlanma asosida tashkil qilingan korxonalarga keng koʻlamli soliq imtiyozlari tatbiq etildi. Patentsiz ilmiy tadqiqot natijalari asosida faoliyat yuritayotgan “spin-off” korxonalariga esa 2029-yil 1-mayga qadar foyda soligʻini belgilangan stavkadan 50 foiz kamaytirilgan miqdorda toʻlashi belgilandi. Eng muhimi, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarga oʻz bilimini mahsulotga, mahsulotni esa barqaror daromad manbaiga aylantirish uchun barcha sharoit yaratildi.
Farmonda toʻrtta aniq maqsad belgilangan: oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, texnologiyalar transferining tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, ularning muassisligida ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish hamda eng muhimi, yangi ishlanmalarni tijoriylashtirishdan olinadigan daromadni oshirish.
Shu birgina yondashuvning oʻzi oliy taʼlim va ilm-fan tizimidagi qarashlarni tub maʼnoda oʻzgartiradi. Ilmiy natijaning jamiyat hayotiga kirib borishi, ishlab chiqarish xarajatini kamaytirishi, import oʻrnini bosishi, yangi bozor ochishi yoki odamlar muammosini hal qilishi ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. “Spin-off” korxonasi aynan shu natijaga olib boradigan koʻprik vazifasini bajaradi. U oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilot muassisligida yangi ishlanma asosida xoʻjalik jamiyati shaklida tashkil etiladi. Sodda qilib aytganda, gʻoya laboratoriyadan chiqib, oʻz jamoasi, hisob raqami, investitsiya rejasi, ishlab chiqarish jarayoni va xaridori boʻlgan mustaqil iqtisodiy faoliyatga aylanadi.
Yangi tizimning kuchli jihati unda umumiy daʼvatlar emas, amaliy, ishlaydigan mexanizmlarning belgilanganidir. Bunda olimdan katta sarmoya topish emas, istiqbolli ishlanma, asoslangan taklif va kuchli jamoa talab qilinadi. Sarmoya esa manfaatdor sheriklar bilan birga shakllantiriladi. Chunki “spin-off” korxonasi ustav fondining kamida 25 foizi muassis boʻlgan oliy taʼlim yoki ilmiy tashkilotning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi. Qolgan qismiga venchur fondlar, mahalliy va xorijlik investorlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar jalb etiladi.
Korxonani roʻyxatdan oʻtkazish va davlat ulushini oʻzgartirishda ilgari jarayonni choʻzishi mumkin boʻlgan ayrim kelishuv rasmiyatchiliklari bekor qilindi. Investor bilan tuziladigan bitimlar uchun ham alohida vakolatli davlat organi xulosasi talab etilmaydi. Muassislarga boʻsh turgan bino va inshootlarini investitsiya davrida “spin-off” korxonasiga tekin foydalanishga berish, zarur holda budjetdan tashqari mablagʻ hisobidan qaytarish sharti bilan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash huquqi berildi. Bu tartib yangi korxonaning dastlabki yillarda oyoqqa turishi va ishlab chiqarishini kengaytirishiga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat bor. “Spin-off”ning oddiy davlat korxonasidan farqi mehnat jamoasida muassisning professor-oʻqituvchisi yoki ilmiy xodimi, talabalari va ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etishi shart. Ilmiy gʻoyani eng yaxshi bilgan odam ishlab chiqarishdan chetda qolsa, mahsulot asl mazmunini yoʻqotishi mumkin. Aksincha, olim texnologik qarorga, tadbirkor bozor va boshqaruvga, talaba esa yangi bilim va harakatchanlikka hissa qoʻshsa, barqaror va bir birini toʻldiruvchi jamoa shakllanadi. Bundan tashqari, farmonga muvofiq, olimlar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajariladigan tajriba-sinov ishlari uchun xarajatlarning bir qismi qoplab berilishi boʻyicha alohida band kiritildi. Mazkur moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmi ilmiy tadqiqot bosqichidan oʻtgan ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish va bozorda sotishga qadar boʻlgan mablagʻ bilan bogʻliq muammolarga yechim boʻldi.
Har bir ilmiy ishlanma ham darhol biznesga aylanib ketavermaydi. Bozorda talab boʻlmagan ishlanma atrofida shunchaki nomiga korxona tuzish ham olimni, ham tashkilotni kutilgan natijadan uzoqlashtiradi. Avvalo, ilmiy ishlanmaga bozorda talab mavjud boʻlishi, tarmoq va soha muammolariga yechim boʻla olishi, qoʻshilgan qiymat yaratishi, texnologik tayyorlik darajasi, tannarxi, raqobatbardoshligi va intellektual mulkka doir huquqlari aniq baholanishi shart.
Yangi tizim orqali har bir hududning oʻziga xos ehtiyojidan kelib chiqib tadqiqotlar amalga oshiriladi. Oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar hududlar, soha va tarmoqlardagi muammolarni sanoat korxonalari bilan hamkorlikda ishlasa, “spin-off”lar hududiy iqtisodiyotning yangi oʻsish nuqtasiga aylanadi.
