Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash — imkoniyatni ko‘rsatishdan boshlanadi
2026-09-10 16:15:00 / Yangiliklar

Bugun yoshlarni shunchaki “qo‘llab-quvvatlaymiz” degan balandparvoz gaplardan ko‘ra, aniq imkoniyat, amaliy yo‘l va natija ko‘proq qiziqtiradi.
G‘oyasi bor yosh uchun eng muhim savollar esa oddiy: uni qanday qilib mahsulotga aylantirish mumkin? Qanday qilib bozorga olib chiqish, daromad keltiradigan loyihaga aylantirish va hatto yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin?
Nukus davlat texnika universitetida “Payshanba — yoshlar kuni” doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda aynan shu masalalar haqida so‘z bordi.
Innovatsion rivojlanish agentligi Startap ekotizimni rivojlantirish va hududiy rivojlanish bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i S. Berdiyev hamda Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi T. Po‘latbayev talabalar bilan g‘oyani shakllantirishdan uni biznesga aylantirishgacha bo‘lgan yo‘l haqida fikr almashdi.
Suhbat davomida yoshlar uchun mavjud imkoniyatlar, xususan, Agentlik tomonidan hududlardagi yoshlar texnoparklarida amalga oshirilayotgan InnoX dasturi haqida ma’lumot berildi. Dastur orqali yoshlar o‘z g‘oyalarini rivojlantirib, ularni aniq mahsulot yoki xizmatga aylantirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari mumkin.
Keyingi bosqich esa — tayyor mahsulotni ishlab chiqarishga joriy etish va bozorga olib chiqish. Bunda startap tanlovlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yoshlar uchun muhim imkoniyatlardan biridir.
Ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar uchun ham imkoniyatlar keng. Jumladan, ilmiy tadqiqotlar va yangi tajribalarni rivojlantirish uchun davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan “Akademik harakatchanlik” dasturi, xorijiy tajribani o‘rganish va malaka oshirish imkonini beruvchi xorijiy stajirovkalar tanlovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ya’ni, bugun yoshlar uchun imkoniyatlar bor. Muhimi, o‘z g‘oyasi va maqsadiga mos imkoniyatni topish, undan to‘g‘ri foydalanish va uni aniq natijaga aylantirish.
Uchrashuvda talabalar aynan shunday imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar. Muloqot yoshlarning startap loyihalarini rivojlantirish, mavjud dasturlardan foydalanish va o‘z g‘oyalarini amaliy natijaga aylantirish bo‘yicha tushunchalarini boyitdi.









