O‘zbekistonlik yosh olimlar AQSHda ilmiy stajirovka o‘tamoqda
2026-09-08 15:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonlik bir guruh yosh olimlar Innovatsion rivojlanish agentligining xorijiy stajirovka dasturi doirasida AQSHning Dallas shahridagi Texas universitetida ilmiy stajirovka o‘tamoqda.
Stajirovka davomida yosh tadqiqotchilar zamonaviy materiallar, nanoelektronika va biotibbiyot yo‘nalishlarida tadqiqot olib bormoqda. Ular professor Anvar Zakhidov rahbarligidagi laboratoriyalarda zamonaviy uskunalar va ilmiy tadqiqot usullaridan foydalanmoqda.
Tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri yangi avlod elektron qurilmalarini yaratish bilan bog‘liq. Xususan, qo‘rg‘oshinsiz perovskitlar asosida xotira vazifasini bajaruvchi qurilmalar ishlab chiqilib, ularning imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Shuningdek, ushbu materiallardan tayyorlangan yupqa qatlamlarning xususiyatlari tadqiq qilinmoqda.
Yosh olimlar biotibbiyot yo‘nalishida ham izlanish olib bormoqda. Jumladan, DNK va RNK bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etuvchi fermentlardagi o‘zgarishlarning saraton rivojlanishiga ta’siri o‘rganilmoqda. Bunda zamonaviy kompyuter modellashtirish usullaridan foydalanilmoqda.
Bundan tashqari, uglerod nanotrubkalari, sun’iy muskullar va boshqa zamonaviy nanomateriallarni yaratish hamda ularning xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Stajirovkaning ahamiyati shundaki, yosh olimlar xalqaro ilmiy muhitda tajriba orttirib, zamonaviy laboratoriyalarda ishlash ko‘nikmalarini egallamoqda. Bu esa ularning yangi ilmiy bilim va tajribalarni O‘zbekistonda qo‘llashi uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Bugun xorijning nufuzli ilmiy markazlarida tajriba orttirayotgan yosh tadqiqotchilar ertaga mamlakatimiz ilm-fanining yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Ma'lumot uchun, ilmiy stajirovka ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.


