Mo‘ynoqda tuya sutidan yangi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda
2026-09-02 18:50:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida chorvachilik mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga qaratilgan innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida tuya sutidan turli xil oziq-ovqat va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Loyiha rahbari Abbaz Jarimbetov boshchiligida amalga oshirilayotgan “Noan’anaviy nordon sut mahsulotlarini ishlab chiqarish” tijoratlashtirish loyihasi uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 1 milliard 63 million 272 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bugungi kunda loyiha doirasida quritilgan tuya suti kukuni, shubat (qumron) hamda tuya sutidan tayyorlanadigan yogurt, tvorog, pishloq, qaymoq kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, tuya sutidan sutli sovun, krem va shampun kabi kosmetik mahsulotlar ham tayyorlanmoqda.
Loyiha natijasida hozirgi kunda 5 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarishni Bo‘zatov tumanida kengaytirish va qo‘shimcha tarmoq tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali ish o‘rinlari sonini 10 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha doirasidagi umumiy sotuv hajmi 1 milliard 250 million so‘mni tashkil etmoqda. Mahsulotlar ichki bozorga chiqarilmoqda. Xususan, 500 gramm tuya suti kukuni 500 ming so‘mdan, 1 litr shubat esa 35 ming so‘mdan sotilmoqda.
Mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston sharoitida mavjud mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, unga qo‘shimcha qiymat yaratish va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini bermoqda. Eng muhimi, an’anaviy chorvachilikni qayta ishlash sanoati bilan bog‘lash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tuya sutidan tayyorlangan mahsulotlarning oziqaviy xususiyatlari bo‘yicha qiziqish ortib borayotgani ham ushbu yo‘nalishni kelgusida kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.


