Ilmiy loyihalar ekspertizasi: tarkibiy yangilanish, shaffoflik va sifatning yangi bosqichi
2026-08-26 17:40:00 / Yangiliklar

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar (ITK) a’zolari ishtirokida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvni Agentlik direktori v.v.b. A.Norov ochib berib, ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘ ayyom — Mustaqillik kuni bilan qutladi hamda yangi tarkibda o‘z faoliyatini boshlayotgan olimlarga ilmiy tashabbuslarni baholashda ulkan zafarlar tiladi.
ITK tarkibining yangilanishi: natijadorlik va rotatsiya tamoyili
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qaroriga muvofiq, kengashlar faoliyatining xolisligini ta’minlash maqsadida a’zolar har 6 oyda 50 foizga, bir yilda esa to‘liq yangilab boriladi. Joriy yil 3-iyundagi tahliliy yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, loyihalarni ko‘rib chiqishda past ko‘rsatkich qayd etgan yo‘nalishlar bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi:
O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish: 85% ga yangilandi;
Qishloq xo‘jaligi fanlari: 81% ga yangilandi;
Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik: 67% ga yangilandi;
Texnika fanlari: 61% ga yangilandi.
Katta ko‘lam va yuksak mas’uliyat
Bugungi kunda Agentlik huzuridagi 19 ta ilmiy-texnik kengash tarkibida 400 nafarga yaqin yetuk olimlar va soha mutaxassislari faoliyat yuritmoqda. Mazkur ekspertlar guruhi har yili 2 000 ga yaqin ilmiy loyiha talabnomalarini sifat va samaradorlik jihatdan saralab beradi. Davlat ilmiy dasturlariga kelib tushayotgan takliflar soni karrasiga ortayotgani ilmiy muhit faollashganidan dalolat beradi, biroq bu ekspertlar zimmasiga ikki karra mas’uliyat yuklaydi.
Ilmiy loyihalar ekspertizasi: miqdordan sifatga o‘tish va baholashning yagona mezonlari
Ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va ajratilayotgan davlat mablag‘larining yuqori samaradorligini ta’minlash bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biridir.
Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar (ITK) faoliyati tahlili loyihalarni ko‘rib chiqish jarayonida zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan qator tizimli masalalarni ko‘rsatmoqda:
Yuqori yuklama va chuqur tahlil cheklovlari: Kengashlarga kelib tushayotgan talabnomalar oqimining keskin ortishi loyihalarni har tomonlama va chuqur ekspertizadan o‘tkazish imkoniyatini cheklamoqda. Natijada mavzularning haqiqiy dolzarbligi, amaliy samaradorligi va davlat ustuvor yo‘nalishlariga mosligini to‘liq baholashda uzilishlar kuzatilmoqda.
Akademik halollik va plagiat nazorati: Saralash jarayonida plagiatni aniqlash bo‘yicha qat’iy standartlar va yagona raqamli mezonlar to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani sababli, originallik darajasi past bo‘lgan ayrim ishlanmalarni ham moliyalashtirishga tavsiya etish holatlari uchramoqda.
Hozirda Agentlik tomonidan ilmiy loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish va saralashning mustahkam yagona mezonlari, baholashning ochiq tartibi hamda tegishli yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Tizim shaffof, adolatli va raqobatbardosh bo‘lishi uchun Sizning amaliy tajribangiz va tashabbuslaringiz muhim ahamiyatga ega.
Yurtimizda ilm-fan taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan barcha soha vakillarini yangi baholash tizimini shakllantirishda hamkorlik qilishga hamda o‘z taklif, tahlil va mulohazalarini taqdim etishga chorlandi.



