“Faol tadbirkor”ga aylangan Paxtakorlik tadbirkor
2026-08-21 14:35:00 / Yangiliklar
Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Semrug‘ cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tasischisi Shohhasan Suvanqulov mamlakatimizda urug‘chilik sohasini rivojlantirish, ilm-fanni qishloq xo‘jaligiga integratsiya qilish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi samarali faoliyati uchun “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni faxriy unvon bilan taqdirlandi.
Mazkur yuksak mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-avgustdagi “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq berildi.
Tadbirkorning “Istiqbolli tola sifati yuqori bo‘lgan g‘o‘zaning “Zafar” navini Respublika paxta-to‘qimachilik klasterlarga yetkazib berishni tashkil etish” tijoratlashtirish loyihasi 2021-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 905,4 mln so‘m miqdorida moliyalashtirilgan
Shohhasan Suvanqulov rahbarligidagi “Semrug‘ Cluster” 2019-yilda urug‘chilikka ixtisoslashgan zamonaviy korxona sifatida tashkil etilgan. Korxonada bugungi kunda 87 nafar xodim mehnat qiladi, yillik aylanma 16,2 milliard so‘mni tashkil etadi.
2021-yildan eksport faoliyatini yo‘lga qo‘ygan korxona urug‘lik chigitlarni Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilmoqda. Eksport hajmi 2023-yilda 126 ming dollar, 2024-yilda 182 ming dollar, 2025-yilda esa 324 ming dollarni tashkil etgan.
Korxona O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda 216 gektar maydonda g‘o‘zaning istiqbolli yuqori avlodli navlari hamda hosildor, ertapishar va kasalliklarga chidamli g‘alla navlarini yetishtirib, respublikadagi klaster va urug‘chilik xo‘jaliklariga yetkazib bermoqda. Shuningdek, korxona mutaxassislari g‘o‘za va bug‘doyning 2 ta innovatsion istiqbolli navini yaratishda nav muallifligi huquqiga ega.
2024-yildan boshlab korxona faoliyati kengaytirilib, 115 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Kelgusida Xitoy bilan hamkorlikda paxta urug‘chiligi yo‘nalishini rivojlantirish va zamonaviy ilmiy laboratoriya tashkil etish uchun 5 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida yiliga 1 000 tonnagacha yuqori hosildor g‘o‘za urug‘lari ishlab chiqarish, import o‘rnini bosish, eksport hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
