O‘zbekistonlik yana bir yosh tadqiqotchining innovatsion ishlanmasi KIWIE-2026 xalqaro tanlovida oltin medalni qo‘lga kiritdi
2026-08-20 12:40:00 / Yangiliklar

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Raqamli texnologiyalar konvergensiyasi kafedrasi assistenti, tayanch doktarant Iroda Uralova ham Janubiy Koreya Respublikasining Seul shahrida o‘tkazilgan 19-Korea International Women‘s Invention Competition (KIWIE-2026) xalqaro tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Tanlovning rasmiy natijalariga ko‘ra, Iroda Uralova tomonidan taqdim etilgan innovatsion ishlanma Oltin medal bilan taqdirlandi.
Mazkur xalqaro eʼtirof yosh tadqiqotchining ilmiy-ijodiy va innovatsion faoliyatidagi muhim natija bo‘lishi bilan birga, O‘zbekistonning, xususan universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etuvchi munosib yutuq sifatida ahamiyatlidir. Ayniqsa, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida bunday xalqaro natijalarning qo‘lga kiritilishi yurtimizda ilm-fan va innovatsiyaga, xususan, xotin-qizlarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtiborning yana bir amaliy ifodasidir.
Bunday yutuqlar yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyaga qiziqishini oshirish, yangi g‘oyalar ustida izlanishga undash hamda xalqaro maydonda munosib natijalarga erishishga ilhomlantirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqotchi Iroda Uralovani xalqaro tanlovdagi munosib g‘alaba bilan samimiy muborakbod etamiz! Uning ilmiy izlanishlari, innovatsion g‘oyalari va yangi loyihalari mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga tilakdoshmiz.
