#Mustaqillikka_35_yil | Yangi texnologiyalar sari odimlayotgan yosh olim
2026-08-21 10:15:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olim va pedagoglarning ilmiy yo‘li, izlanishlari hamda yutuqlarini yoritishga qaratilgan tanishtiruvimizning navbatdagi qahramoni — Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti “Mashinasozlik texnologiyasi” kafedrasi dotsenti, PhD, magistratura bo‘limi boshlig‘i, mexanika va materialshunoslik yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olim Oxunjon Sayfidinov.
Yosh olimning pedagogik faoliyati mexanika, mashinasozlik, materialshunoslik, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari hamda innovatsion muhandislik yechimlarini rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq.
U 2023-yilda Miskolc universitetida (Vengriya) mexanika muhandisligi bo‘yicha PhD ilmiy darajasini qo‘lga kiritgan. Ilmiy faoliyati davomida xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirib, 2024-yilda AQShning Pittsburgh universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
Olimning asosiy ilmiy qiziqishlari materiallarning mikrostrukturasi va kimyoviy tarkibini tadqiq etish, metall va metallurgiya chiqindilarini qayta ishlash, yangi materiallar yaratish, 3D-printer va dron texnologiyalari, shuningdek, materiallar yuzasida zarrachalar hosil bo‘lish jarayonlarini o‘rganish yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Oxunjon Sayfidinov ilmiy faoliyat bilan bir qatorda, oliy ta’limni rivojlantirish, magistratura ta’limini takomillashtirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va ta’limni ilmiy tadqiqotlar bilan integratsiya qilish yo‘nalishlarida ham faoliyat olib bormoqda.
