Loyihaning oraliq hisobotlari joyiga borib monitoring qilindi
2026-08-19 18:50:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi xodimlari hamda Jizzax viloyati innovatsion rivojlanish bo‘linmasi xodimlari tomonidan O‘zMU Jizzax filiali professori S.Murodova rahbarligida amalga oshirilayotgan amaliy loyihaning oraliq hisobotlari bevosita joyiga chiqqan holda monitoring qilindi.
Monitoring jarayonida Orol dengizining qurigan tubidagi o‘ta sho‘r tuproq sharoitida o‘simliklar hayotchanligini oshirishga qaratilgan tadqiqotlarning borishi, erishilgan natijalar hamda loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy ishlar o‘rganildi. Loyiha doirasida sho‘r tuproqlardan 1000 dan ortiq mikroorganizm izolyatlari ajratib olinib, eng istiqbolli 100 ta mikroorganizm asosida mikrobiologik kolleksiya shakllantirilgan.
Ushbu mikroorganizmlar asosida yaratilgan “Zamin-M” va “Rizoto‘plam” biopreparatlari yarim sanoat miqyosida tayyorlanib, Orol tubiga xos o‘simlik urug‘larining ekstremal sharoitga chidamliligini oshirishda ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda.
Tadqiqotning o‘ziga xos jihati — flokulyantlarga biriktirilgan maxsus mikrob preparatlaridan foydalanish orqali o‘simliklarning sho‘rlangan muhitga moslashuvchanligini oshirishdan iborat.
Monitoring davomida loyihaning oraliq natijalari, amalga oshirilgan ishlar, ilmiy ishlanmalar va kelgusidagi vazifalar tahlil qilinib, loyiha ijrosini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.




