O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida aqlli shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik kengaytirilmoqda
2026-08-12 20:07:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda aqlli ofislar, aqlli hududlar va aqlli shaharlarni rivojlantirish yo‘nalishida Yaponiya bilan hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy shahar boshqaruvi yechimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi (MLIT) o‘rtasida imzolangan Aqlli shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi doirasida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 6-avgust kuni MLIT va Innovatsion rivojlanish agentligi ishtirokida Yaponiyaning Mitsubishi UFJ Research & Consulting Co., Ltd. (MURC) kompaniyasi tomonidan tayyorlangan “Aqlli shahar tizimlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik” loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda loyiha Toshkent shahri misolida ko‘rib chiqilib, Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ mutaxassislari ishtirok etdi. Muhokamalar davomida aqlli shahar infratuzilmasini rivojlantirish, ma’lumotlar almashinuvi va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda pilot loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, ushbu masalalarni batafsil muhokama qilish maqsadida 2026-yil oktabr oyida Yaponiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi.
Hamkorlik doirasida yana bir muhim loyiha — Yaponiyaning NIPPON KOEI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Toshkent shahrida “Aqlli shahar”ni rivojlantirish uchun odamlar oqimini tahlil qilish” loyihasidir.
Mazkur loyiha taqdimoti 10-avgust kuni Toshkent shahar hokimligida, 11-avgust kuni esa Innovatsion rivojlanish agentligida o‘tkazildi.
Taqdimotlarda MLIT vakillari, Innovatsion rivojlanish agentligi, Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi, “Toshkent metropoliteni” AJ hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Toshkent shahrida aholi va yo‘lovchilar oqimini zamonaviy texnologiyalar asosida tahlil qilish, transport harakatini samarali tashkil etish, shahar infratuzilmasini takomillashtirish hamda aholi uchun qulay shahar muhitini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur loyihalar doirasidagi hamkorlik Toshkent shahrida raqamli va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv tizimlarini rivojlantirish, transport xizmatlari samaradorligini oshirish hamda zamonaviy “Aqlli shahar” yechimlarini joriy etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi mazkur hamkorlikning izchil rivojlanishi mamlakatimizda innovatsion texnologiyalarni shahar infratuzilmasiga tatbiq etish, xalqaro tajribani o‘rganish va aholi uchun yanada qulay, xavfsiz hamda zamonaviy shahar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.




