Yurak klapanlarida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyoti uchun mahalliy implant yaratildi
2026-08-12 14:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda yurak klapanlarida yuzaga keladigan nuqsonlarni davolashda zamonaviy jarrohlik usullaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Tahlillarga ko‘ra ayni damda dunyoda 52 foiz holatda tabiiy yurak klapanlari jarrohlik orqali saqlab qolinadi, 48 foiz holatda esa implant qo‘yiladi. Albatta imkon qadar bemorning o‘z yurak klapanini saqlab qolish va uni qayta tiklashga qaratilgan rekonstruktiv operatsiyalar bemor uchun muhim afzalliklarga ega. Olimlarimiz aynan mana shu yo‘nalishda natijadorlikka intilishmoqda.
Shu maqsadda Feruz Turayev boshchiligidagi ilmiy jamoa tomonidan yurak klapanlarini rekonstruktiv, ya’ni klapanni saqlab qoluvchi jarrohlik amaliyoti uchun mo‘ljallangan mahalliy “Flexible BAND” implant prototipi ishlab chiqildi.
Mazkur implant yurak klapani atrofidagi halqani mustahkamlash va uning faoliyatini tiklashga yordam beradi. Natijada ayrim holatlarda shikastlangan klapanni to‘liq almashtirish o‘rniga, bemorning o‘z klapanini saqlab qolish va jarrohlik yo‘li bilan tiklash imkoniyati yaratiladi.
Loyiha doirasida “Flexible BAND” implantining birinchi partiyasi ishlab chiqarilib, klinik amaliyotga joriy etildi. Ushbu texnologiya asosida 100 dan ortiq bemorda rekonstruktiv operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Shuningdek, mitral klapan plastikasida sun’iy qon aylanishini amalga oshirish protokoli takomillashtirildi, klapan rekonstruktiv operatsiyalari vaqtida anesteziologik yondashuvlarni optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Yangi texnologiya Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Xorazm viloyatlaridagi kardiologiya markazlarida yurak jarrohligiga ham joriy etildi. Ushbu protsedura va uning natijalari xalqaro yurak jarrohligi kongresslari va “Mahorat darslari”da taqdim etildi.
— Loyiha muhim jihatlaridan biri — import o‘rnini bosuvchi mahalliy tibbiy mahsulot yaratilganidir. Ilgari bunday operatsiyalarda foydalaniladigan tayanch halqalar va implantlarning aksariyati xorijdan, xususan AQSh va Rossiyadan olib kelingan. Mahalliy “Flexible BAND” esa xorijiy analoglarga nisbatan arzonligi va mahalliy tibbiy amaliyot sharoitlariga moslashtirilgani bilan ajralib turadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur ishlanmaning amaliyotga keng joriy etilishi xorijiy protez va halqalarni xarid qilishga sarflanadigan mablag‘larni 3–5 barobarga kamaytirish imkonini berdi. Bu esa bir tomondan tibbiyot muassasalari xarajatlarini qisqartirsa, ikkinchi tomondan mahalliy tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga xizmat qiladi, — deydi loyiha rahbari Feruz Turayev.
Loyihaning ijtimoiy samarasi ham yuqori. Bugungi kunga qadar 100 dan ortiq bemorda yurak klapanini saqlab qolishga qaratilgan rekonstruktiv operatsiyalar bajarilgani ushbu texnologiyaning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, zamonaviy kardiojarrohlik amaliyotlarining hududlarda yo‘lga qo‘yilishi mintaqaviy tibbiyot markazlarining imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Kelgusida mahalliy “Flexible BAND” implantini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlar bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari mavjud.
Shunday qilib, ushbu loyiha nafaqat yurak klapanlari nuqsonlarini davolashda yangi imkoniyat yaratmoqda, balki import o‘rnini bosuvchi, iqtisodiy jihatdan samarali va eksport salohiyatiga ega mahalliy tibbiy texnologiyani shakllantirishga xizmat qilmoqda.
