Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va patentlashtirish bo‘yicha amaliy maslahat-trening o‘tkazildi
2026-08-11 19:15:00 / Yangiliklar

Olmaliq davlat texnika institutida professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va patentlashtirish, shuningdek, xalqaro ilmiy bazalarda maqolalar chop etish ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan amaliy maslahat-trening o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentyabrdagi “Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-279-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, jumladan, institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini patentlashtirish salmog‘ini oshirish hamda ularga soha mutaxassislari tomonidan zarur maslahat va tavsiyalar berib borish maqsadida tashkil etildi.
Maslahat-treningda Innovatsion rivojlanish agentligi, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi hamda Ilmiy-texnik axborot markazi mutaxassislari ishtirok etib, professor-o‘qituvchilarga ilmiy ishlanmalarni patentlashtirish va ularning huquqiy muhofazasini ta’minlash, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, patent olish uchun talabnomalarni rasmiylashtirish hamda Intellektual mulk elektron davlat xizmatlari portalidan foydalanish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirishlar berdi.
Shuningdek, seminar davomida Scopus va Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritilgan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, nufuzli ilmiy nashrlarni tanlash, maqolalarning ilmiy va bibliometrik ko‘rsatkichlarini oshirish hamda xalqaro ilmiy hamjamiyatda tadqiqotchilarning ilmiy natijalarini keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning yana bir muhim yo‘nalishi ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Mutaxassislar tomonidan ilmiy ishlanmalarni bozorga olib chiqish, ularning amaliy qiymatini baholash, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy g‘oyalarni tayyor mahsulot yoki xizmatga aylantirish mexanizmlari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Trening davomida institut professor-o‘qituvchilarining patentlashtirish, tijoratlashtirish va xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish borasida amalga oshirayotgan ishlari ham o‘rganildi. Mavjud natijalar tahlil qilinib, ilmiy faoliyat samaradorligini yanada oshirish, ilmiy ishlanmalarni huquqiy jihatdan himoya qilish va ularning tijorat salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Bunday amaliy tadbirlar professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini xalqaro miqyosda e’tirof ettirish, intellektual mulk obyektlarini ko‘paytirish hamda ilmiy ishlanmalarni real sektor ehtiyojlari bilan bog‘lashda muhim ahamiyat kasb etadi.







