O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha KSP loyihasining yakuniy natijalari taqdim etildi
2026-08-10 21:55:00 / Yangiliklar

Seminar davomida O‘zbekiston startap ekotizimining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari, venchur moliyalashtirish mexanizmlari hamda sohadagi institutsional va normativ-huquqiy muhitni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. KDI ekspertlari tomonidan loyiha doirasida amalga oshirilgan tahlillar, o‘rganilgan xalqaro tajriba hamda O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqib ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar tegishli vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari hamda startap va venchur ekotizimi vakillariga taqdim etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, IT Park Uzbekistan, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, UZCARD Ventures, U-ENTER innovatsion markazi, “UzVC” milliy venchur fondi, Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ofisi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida loyiha doirasida ishlab chiqilgan tavsiyalarni amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida startaplar va venchur moliyalashtirish sohasidagi tajriba almashinuvini davom ettirish hamda ushbu yo‘nalishlarda yangi hamkorlik tashabbuslarini shakllantirish yuzasidan fikr almashildi.






