O‘zbekiston–Koreya hamkorligi: startap ekotizimi va venchur moliyalashtirishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-08-10 21:40:00 / Yangiliklar

Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b A.Norov hamda Koreya taraqqiyot instituti (KDI) vakillari va ekspertlari ishtirok etdi.
Muloqot 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan Koreya Respublikasining Knowledge Sharing Program (KSP) doirasida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish va venchur moliyalashtirishni rag‘batlantirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda, KDI tomonidan muvofiqlashtirilmoqda va amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida innovatsion rivojlanish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda venchur moliyalashtirish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, Koreyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, startaplar uchun qulay institutsional va investitsiyaviy muhit yaratish, venchur moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Loyiha doirasida KDI ekspertlari bilan hamkorlikda startaplarni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy instrumentlarini takomillashtirish, sohaning institutsional va normativ-huquqiy bazasini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston startap ekotizimining joriy holatini hamda xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish bo‘yicha tahliliy ishlar olib borilmoqda.
Yuqori darajadagi muloqotda loyiha doirasida ishlab chiqilgan siyosiy va amaliy tavsiyalarni O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar KSP doirasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, startaplar va venchur investitsiyalar ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha fikr almashdilar.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda startaplar uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, venchur kapital bozorini rivojlantirish va innovatsion biznes uchun barqaror ekotizim shakllantirishga xizmat qiladi.









