"Olima ayollar" tanlovi g‘olibalariga sertifikatlar topshirildi
2026-07-31 14:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan "Olima ayollar" tanlovining 18 nafar g‘olibasiga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Tanlov mamlakatimizda xotin-qizlarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, istiqbolli tadqiqotlarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.
G‘olib deb topilgan loyihalar seysmologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, tibbiyot, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, kimyo, materialshunoslik, madaniy merosni raqamlashtirish, urbanistika hamda ijtimoiy-gumanitar fanlar kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.
Mazkur loyihalar zamonaviy ilmiy yondashuvlar va innovatsion yechimlar asosida mamlakatning ilmiy-texnologik taraqqiyotiga hissa qo‘shish, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi dolzarb masalalarga amaliy yechimlar taklif etish hamda ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning ilm-fan va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladilar. Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda turli tanlov va grant dasturlarida muvaffaqiyat qozonayotgan olima ayollar soni ham izchil ortib bormoqda.
Ta’kidlanganidek, bunday tanlovlar xotin-qizlarning ilmiy va innovatsion faolligini yanada oshirish, ularning istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ixtiro va ilmiy ishlanmalar yaratishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.





