#Mustaqillikka_35_yil | Ilmli ayollar – oilaning ham, jamiyatning ham eng katta yutug‘idir
2026-08-03 10:50:00 / Yangiliklar
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”
Ana shu ezgu shior ostida nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan so‘nggi o‘n yilda respublikamizning turli hududlarida ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimalarning ilmiy yo‘li, izlanishlari va yutuqlariga bag‘ishlangan intervyular turkumini e’lon qilishda davom etamiz.
Loyihamizning navbatdagi qahramoni — Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti professori Iroda Iminaxunova.
Iroda Iminaxunova tibbiy ta’limda xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, mustaqil ta’lim jarayonlarini rivojlantirish hamda xalqaro tibbiy ta’lim standartlarini milliy ta’lim tizimiga integratsiya qilish yo‘nalishlarida samarali ilmiy faoliyat olib bormoqda.
Olima 2021-yilda pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini, 2024-yilda esa pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2022-yilda dotsent, 2025-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan.
2019-yilda xorijiy ilmiy stajirovka tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 2020-yilda “O‘zbekiston ayollarining eng yaxshi innovatsion loyihalari” III Respublika tanlovining “Eng samarali innovatsion loyiha” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2025-yilda yana “Yosh olimlarning xorijiy ilmiy stajirovkalari” tanlovi hamda Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tomonidan tashkil etilgan “Yil ayoli” milliy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib deb topilgan.
