Nukus yoshlar texnoparkida Innovatsion rivojlanish agentligining sayyor qabuli o‘tkazildi
2026-08-03 18:40:00 / Yangiliklar

Nukus yoshlar texnoparkida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, olimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Innovatsion rivojlanish agentligi direktorining Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi U. Tashkenbayev ishtirok etib, Agentlik tomonidan ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, ilmiy va innovatsion loyihalar tanlovlari, startap tashabbuslarini shakllantirish va moliyalashtirishning amaldagi tartibi, spin-off korxonalarni tashkil etish mexanizmlari hamda xorijiy stajirovka dasturlarida ishtirok etish shartlari yuzasidan alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot ochiq savol-javob tarzida davom etdi. Ishtirokchilar ilmiy loyihalarni moliyalashtirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim dasturlariga hujjat topshirish, innovatsion g‘oyalarni startap loyihalarga aylantirish hamda ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashning boshqa yo‘nalishlariga oid savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida hududdagi olimlar, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb etish, istiqbolli g‘oyalarni aniqlash, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Sayyor qabul ilmiy va innovatsion ekotizim ishtirokchilari bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan muhim platforma bo‘ldi.



