Qoraqalpog‘istonda fermer va agro-tadbirkorlar uchun akselerator dasturi boshlandi
2026-08-03 17:35:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘istonda fermerlar va agro-tadbirkorlar uchun yangi akselerator dasturi ishga tushirildi. 3-avgust kuni start olgan loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining Sho‘rlangan tuproq sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Bir oy davom etadigan dastur doirasida Nukus yoshlar texnoparkida 200 nafar fermer va agro-tadbirkor zamonaviy qishloq xo‘jaligi va biznes yuritish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ladi. Ishtirokchilar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar yaratish, ularni tijoratlashtirish hamda yangi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha treninglarda qatnashadi.
Dastur Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan.
Ochilish marosimida ICBA bosh direktori doktor Tarifa Alzaabi, Innovatsion rivojlanish agentligi mutasaddilari, mahalliy idoralar vakillari hamda dastur ishtirokchilari qatnashdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu loyiha fermerlar uchun innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishiga ishonch bildirdi.
Mazkur tashabbus Qoraqalpog‘istonda barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, innovatsiyalarni amaliyotga joriy etish va agrosohada yangi biznes imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.







