95 nafar olimning 157,2 mlrd so‘mlik grant loyihalari moliyalashtirildi
2026-07-31 13:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A. Norov ishtirok etib, ishtirokchilarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy qutladi hamda yurtimizda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning natijalari haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanishicha, moliyalashtirilayotgan loyihalar iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish, aholi turmush sifatini yaxshilash, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda O‘zbekistonning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan.
Respublikaning turli hududlaridan tashrif buyurgan olimlar ishtirok etgan tadbirda ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida qayd etildi. Shu bois grant asosida moliyalashtirilayotgan loyihalar nafaqat ilmiy yangilik yaratishi, balki amaliy natija berishi, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishi lozimligi aytib o‘tildi.
Sertifikatlarni topshirish davomida so‘zga chiqqanlar davlat ilmiy dasturlari doirasida o‘tkazilayotgan tanlovlar ilmiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli g‘oyalarni amaliyotga joriy etish va o‘zbekistonlik olimlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdilar.
Umumiy va noorganik kimyo instituti vakili, "Olima ayol" tanlovi g‘olibi Dilnoza Jumayeva bugungi kunda ilm-fan sohasida yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.
"Ilmiy faoliyatimni 2000-yillarda boshlaganman. U paytlar Ilm-fanga qaratilgan e'tibor haminqadar edi. Laboratoriyalarda uskunalar yo'q, uskunalar bo'lsa ishlaydigan yaxshi mutaxassislar yetishmasdi. Grantlar haqidaku gapirmasak ham bo'ladi. Yillar o'tdi, bugun o'zim ham ustoz darajasiga yetdim, shogirdlarim bor. Rosti ularga havas bilan qarayman. Bugungi kun olimiga hamma imkoniyat bor. Faqatgina doimiy o'z ustida ishlash va akademik halollik bo'lsa katta natijalarga erishish mumkin,", — dedi u.
Tadbir g‘oliblarga kelgusi ilmiy faoliyatlarida ulkan zafarlar tilash bilan yakunlandi.









