ILM BOZORGA CHIQISHI UCHUN BITTA IDORA EMAS, BUTUN ZANJIR ISHLASHI KERAK
2026-07-29 10:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, ilmsiz, innovatsiyasiz oldimizga qoʻygan maqsadlarga hech qachon erisha olmaymiz. Hisobot uchun emas, natija uchun ishlash kerak.
Ana shu gap ilm-fanni tijoratlashtirishning eng qisqa va eng aniq mazmunidir.
Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda mexanizmlar bor. Ilmiy loyihalar moliyalashtiriladi, startaplar qoʻllabquvvatlanadi, tajriba-sinov va tijoratlashtirishga tayyorlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazilmoqda. 2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasida ham iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq etish maqsadi belgilangan. Shu bilan birga, hujjatning oʻzida real sektorda ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish darajasi, ilm-fan, taʼlim va sanoat oʻrtasidagi hamkorlik hali past ekani ochiq koʻrsatilgan. Demak, masala yoʻnalishni hayotda toʻliq ishlaydigan tizimga aylantirishda. Chunki tijoratlashtirishni faqat bitta vakolatli organ yoki uning tizimidagi bitta tashkilot zimmasiga tashlab qoʻyish bilan natijaga erishish qiyin. U tashkilot yoʻl ochishi, tanlov eʼlon qilishi, platforma yaratishi, muvofiqlashtirishi mumkin. Lekin ishlanma hayotga chiqishi uchun tarmoq vazirligi muammoni aniq aytishi, korxona sinov maydonini berishi, universitet olimni tayyorlashi, tadbirkor bozorni topishi, investor tavakkal qilishi kerak. Bu yondashuv bejiz emas. Davlatimiz rahbarining turli soha va tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan qarorlarda ham ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, har yili “yoʻl xaritalari” asosida loyihalarni amalga oshirish, bunda tarmoq tashkilotlarining oʻz mablagʻlari va imkoniyatlaridan foydalanish vazifalari belgilab berilmoqda. Yaʼni innovatsiya faqat ilmiy tashkilotning ishi emas. Har bir tarmoq oʻz muammosini ilm bilan yechishga masʼul boʻlishi kerak.
X a l q a r o tajribada ham shunday. AQSHda umumiy siyosat “Bayh-Dole” tizimi orqali belgilanadi: davlat mablagʻi hisobiga yaratilgan ixtirolar universitet va tashkilotlar tomonidan boshqariladi, patentlanib, amaliyotga olib chiqiladi. Amaliy ish esa universitetlarning “Technology Transfer Office” yoki “Technology Licensing Office”lari orqali yuritiladi.
Masalan, Massachusets texnologiya institutida “Technology Transfer Office” oʻquv yurti nomidan patentlangan ishlanmalarni kompaniyalarga litsenziyalaydi, kompaniyaning biznes modeli, bozori, resursi va mahsulotni tijoratlashtirish imkoniyatini baholaydi. Stenford universitetida esa “Office of Technology Licensing” texnologiyalarni baholaydi, bozorga moslaydi, kompaniyalar bilan ishlaydi. Litsenziya muvaffaqiyatli boʻlsa, royaltidan olimlar, kafedra va universitet ham manfaatdor boʻladi.
Buyuk Britaniyada esa bu zanjir milliy innovatsion ekotizim sifatida ishlaydi. “Innovate UK Catapult Network” biznes, akademik muhit, hukumat, regulyatorlar, investorlar va foydalanuvchilarni bir joyga bogʻlab, texnologiyalarni laboratoriyadan bozorgacha olib chiqishga yordam beradi. Ular real sharoitda sinov maydonlari, R&D — Research and Development (ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari) infratuzilmasi, bozor tahlili, moliyalashtirishga chiqish va tijoratlashtirish boʻyicha koʻmak beradi.
Demak, xalqaro tajribadan xulosa shuki, milliy darajada siyosat, qoida va moliyalashtirish muvofiqlashtiriladi. Universitet va ilmiy tashkilotlarda texnologiyalar transferi ofislari ishlaydi, tarmoq markazlari, korxonalar, tadbirkorlar va investorlar esa ishlanmani bozorga olib chiqadi. Bizda ham tijoratlashtirish zanjiri shunday ishlashi kerak. Avval har bir tarmoq oʻzining ogʻriqli muammosini aniq yozadi. Masalan, suv tejash, hosilni oshirish, energiya sarfini kamaytirish, kasallikni erta aniqlash, mahsulot tannarxini tushirish yoki taʼlim sifatini yuksaltirish. Keyin shu muammo ilmiy buyurtmaga aylantiriladi. Olim mavzuni faqat “oʻzimga qiziq” deb emas, yechimi kutilayotgan muammoga bogʻlab tanlaydi.
Uchinchi bosqichda olim yolgʻiz qoldirilmaydi. Uning yoniga korxona, tarmoq mutaxassisi va bozorni tushunadigan maslahatchi biriktiriladi. Chunki ilmiy gʻoya boshidan amaliyot bilan bogʻlanmasa, keyin uni bozorga olib chiqish qiyinlashadi.
Toʻrtinchi bosqichda ishlanma laboratoriyada qolib ketmaydi. Uni dalada, sexda, klinikada, maktabda yoki korxonada sinab koʻrish uchun alohida mablagʻ va sharoit yaratiladi. Beshinchi bosqichda texnologiyalar transferi jamoasi ishga tushadi. U patent, litsenziya, bozor tahlili, biznes model, investor bilan muzokara va huquqiy himoya masalasida olimga yordam beradi.
Oltinchi bosqichda ishlanma hali sinovdan oʻtayotgan paytdayoq uning bozor egasi aniqlanadi. Texnologiyalar transferi ofisi yoki tijoratlashtirishga masʼul jamoa tadbirkor va investor bilan bogʻlanib, bu mahsulot kimga kerak, qanday sotiladi, qancha turadi va uni kengaytirish mumkinmi — shu savollarga javob topadi. Shunda ishlanma tayyor boʻlgandan keyin xaridor izlab yurilmaydi, aksincha, bozor talabi boshidan hisobga olinadi.
Yettinchi bosqichda manfaat aniq taqsimlanadi. Ishlanma daromad keltirsa, olim ham, ilmiy tashkilot ham, tadbirkor ham manfaatdor boʻlishi kerak. Manfaat boʻlmasa, harakat susayadi.
Sakkizinchi bosqichda natija real koʻrsatkichlar asosida oʻlchanadi. Gʻalvir suvdan koʻtarilganda oʻrtaga tashlanadigan savol “Nechta maqola yozildi” emas, “Ishlanma qayerda ishladi, qancha xarajatni tejadi, kimga foyda berdi, qancha daromad keltirdi?” kabi shaklda berilishi kerak.
Shu nuqtada Prezidentimizning yana bir muhim talabi yodga tushadi. 2026-yil 3-aprel kuni davlatimiz rahbari oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishishi jarayonida ilmiy klasterlar mahalliy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy muassasalar hamda sanoat korxonalari hamkorligidagi konsorsium sifatida ishlashi belgilandi. Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishni kengaytirishga qaratilgan yangi tizim taklif etildi.
Bu nimani anglatadi? Tijoratlashtirish endi “olim yaratadi, keyin kimdir sotadi” degan eski yondashuv bilan emas, konsorsium, klaster, tarmoq va bozor birga ishlaydigan tizim orqali rivojlanishi kerak.
Ilm-fanni tijoratlashtirish nima uchun muhim? Chunki ilm javonda yotsa — xarajat. Amaliyotga kirsa — daromad. Korxonada ishlasa — texnologiya. Odamlarga foyda bersa — taraqqiyot.
Ilmning qadri faqat maqola, patent yoki dissertatsiya bilan emas, hayotda qaysi muammoni hal qilgani bilan ham oʻlchanishi kerak. Shuning uchun tijoratlashtirish olimni bozorga haydash emas. Bu yuqorida keltirganimiz — hisobot uchun emas, natija uchun ishlash tamoyilini ilmfan sohasida amalda ishlatishdir.
