O‘zbekistonlik olim saratonga qarshi istiqbolli birikmalar bo‘yicha muhim ilmiy natijalarga erishdi
2026-07-28 17:25:00 / Yangiliklar

Stajirovka davomida olim “Debrecen” universitetining Farmatsevtika texnologiyalari, Farmakologiya va Farmatsevtik kimyo kafedralari olimlari bilan hamkorlikda tabiiy biofaol moddalarni zamonaviy fizik-kimyoviy hamda biologik usullar yordamida o‘rgandi.
Tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri Bioorganik kimyo institutida ajratib olingan qoraqurt (Latrodectus mactans) zahari toksinlari hamda Bufo viridis zaharidan olingan bufadienolidlar va ularning yangi hosilalarini tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Zamonaviy Thermo Fisher TSQ Fortis Plus mass-spektrometri yordamida ushbu birikmalarning molekulyar massalari aniqlandi.
Shuningdek, “Debrecen” universiteti Farmatsevtik kimyo kafedrasida professor Aniko‘ Borbas rahbarligida yadro magnit rezonansi (¹H va ¹³C YaMR) tahlillari o‘tkazilib, bufadienolidlar va ular hosilalarining kimyoviy tuzilishi tasdiqlandi.
Stajirovkaning eng muhim natijalaridan biri biofaol birikmalarning saratonga qarshi ta’sirini baholash bo‘ldi. Farmakologiya kafedrasida o‘tkazilgan tajribalarda arenobufagin va uning hosilalari MCF-7 ko‘krak bezi saratoni hujayralarida sinovdan o‘tkazildi. Tadqiqot natijalari Ar-004, Ar-008 va Ar-015 kabi ayrim hosilalar nanomolyar konsentratsiyalarda saraton hujayralarining yashovchanligini sezilarli darajada kamaytirishini ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, H9c2 kardiomiotsit hujayralari modelida o‘tkazilgan tadqiqotlar arenobufaginning kimyoviy modifikatsiyasi natijasida uning saratonga qarshi faolligi saqlanib qolgan holda yurak hujayralariga toksik ta’siri sezilarli darajada kamayganini tasdiqladi. Bu esa mazkur birikmalarning xavfsizroq va istiqbolli dori nomzodlari bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Ilmiy stajirovka davomida olim zamonaviy farmakologiyada keng qo‘llaniladigan Langendorf eks vivo yurak perfuziyasi usuli bilan ham tanishib, ushbu metodning yangi biologik faol moddalarni baholashdagi imkoniyatlarini o‘rgandi.
Ma’lumot o‘rnida: mazkur ilmiy stajirovka Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.
