Yosh startaperlar loyihalari taqdimoti o'tkazildi
2026-07-24 11:05:00 / Yangiliklar

Festival davomida hududdagi iqtidorli yoshlar o‘zlarining innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini ekspertlar hay’atiga taqdim etdilar. Loyihalar dolzarb muammolarga yechim taklif etishi, amaliy ahamiyati, innovatsionligi hamda tijoratlashtirish imkoniyatlari kabi mezonlar asosida baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Munisa Muhiddinovaning “Yashil innovatsiya” loyihasi 1-o‘rinni, Rohatoy Mo‘minovaning “Bio-Shield” loyihasi 2-o‘rinni, Malika Tojiyevaning “PlastoGas” loyihasi esa 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, istiqbolli startap loyihalari mualliflari bo‘lgan yana 10 nafar faol ishtirokchi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Festival doirasida ishtirokchilar uchun Termiz yoshlar texnoparkida “Texnotur” ham tashkil etildi. Unda yoshlar texnoparkda yaratilgan shart-sharoitlar, innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi, robototexnika va muhandislik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, mutaxassislar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar davomida ishtirokchilar startaplarni rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va texnologik tadbirkorlik sohasidagi imkoniyatlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Mazkur tadbirlar yoshlarning innovatsion faolligini oshirish, startap ekotizimini rivojlantirish va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.








