SATREPS-2020: Orolbo‘yi uchun ilm-fan va innovatsiyalar
2026-07-23 15:00:00 / Yangiliklar

Ana shu maqsadda Innovatsion rivojlanish agentligi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Yaponiya fan va texnologiya agentligi (JST) hamkorligida qiymati 5 million AQSH dollari bo‘lgan SATREPS-2020 dasturi doirasida “Orolbo‘yi mintaqasida tuproqning sho‘rlanishiga qarshi kurash, yerning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish” loyihasi izchil amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida birnchi bosqichda 12 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda ikkinchi bosqichda yana 12 ta loyiha moliyalashtiladi. Orolbo‘yi va Qashqadaryo viloyatining chekka hududlarida kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan, Orolbo‘yida zamonaviy iqlim o‘zgarishlarini kuzatish markazi tashkil etilib, meteorologik monitoring yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, sho‘rlangan tuproqlar sharoitida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or yapon texnologiyalari amaliyotga joriy etilmoqda.
Bundan tashqai loyiha doirasida GIS maʼlumotlari asosida tuproq sho‘rlanishini nazorat qilish (monitoring), shuningdek sug‘oriladigan maydonlarda suv tarkibidagi tuz miqdorini aniqlash maqsadida qor qoplami, chang bo‘ronlari va quyosh radiatsiyasini kuzatuvchi 15 dan ortiq kuzatuv stansiyalari o‘rnatildi.
Loyiha doirasida 2 nafar tayanch doktorantura (PhD) izlanuvchilari Yaponiyada o‘qitildi. Suv sifati sensorlari to‘plamlari, o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha tajriba maydoni uchun monitoring tizimi, daryo suvi sathi va sho‘rlanishini monitoring qilish tizimi, o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar uchun monitoring tizimi, o‘simlik biomassasi tarkibini tahlil qilish tizimi (laboratoriya uskunalari), qorni o‘lchash meteorologik kuzatuv tizimi hamda shu kabi 30 ga yaqin turdagi uskuna va jihozlar O‘zbekistonga yetkazib berildi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonlik 45 nafar olimlar, soha mutaxassislari Yaponiyaga malaka oshirishga yuborildi.
2026-yil 23-iyul kuni Innovatsion rivojlanish agentligida SATREPS-2020 dasturi doirasidagi Qo‘shma muvofiqlashtirish qo‘mitasi (JCC)ning 5-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Orolbo‘yi mintaqasida tuproqning sho‘rlanishiga qarshi kurash, yerning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish” (BLUE) loyihasi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, respublikaning yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari, jumladan, TIQXMMI, O‘zGIP, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ham tadbirda qatnashdi. Umuman, seminarda
20 dan ortiq vazirlik, idora, ilmiy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Yaponiya fan va texnologiya agentligi (JST) bilan hamkorlikda tashkil etilgan yig‘ilish davomida O‘zbekiston va Yaponiya olimlari tomonidan SATREPS-2020 dasturi doirasida 2025-yilda Orolbo‘yi hududida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi. Shuningdek, 2026-yilda olib borilayotgan ishlar sarhisob qilinib, loyihaning navbatdagi bosqichlari va istiqboldagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek Seminarda suv resurslarini raqamli monitoring qilish, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashgan agrotexnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.
Mazkur loyiha Orolbo‘yi mintaqasining ekologik barqarorligini ta'minlash, suv resurslarini samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ilmiy yechimlarni ishlab chiqishda muhim xalqaro platforma sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etmoqda.









