Samarqandda transport sohasiga bag‘ishlangan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi ish boshladi
2026-07-15 16:50:00 / Yangiliklar

Samarqandda transport sohasiga bag‘ishlangan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi ish boshladi
Samarqand viloyatida transport sanoatini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik buyurtmachilar bilan bog‘lash hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazmada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi ham o‘z ekspozitsiyalari bilan faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan ilm-fan, innovatsiyalar va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarni sanoatga tatbiq etish hamda innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar namoyish etilmoqda.
Alohida e’tiborga molik jihatlardan biri shundaki, ko‘rgazmadan Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli startap loyihalar ham munosib o‘rin egallagan. Mazkur loyihalarda transport, sanoat, raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish va energiya tejamkorligi yo‘nalishlaridagi innovatsion ishlanmalar taqdim etilib, ularni amaliyotga joriy etish va investorlar hamda yirik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari yaratilmoqda.
“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi davlat buyurtmachilari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ilmiy muassasalar va yosh innovatorlarni yagona maydonda jamlagan holda, transport sanoatida yangi kooperatsion aloqalarni rivojlantirish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirishga xizmat qiladigan muhim platforma sifatida e’tirof etilmoqda.






