O‘zbekistonlik yosh olim Malayziyada aqlli shaharlar va dron texnologiyalari bo‘yicha ilmiy stajirovka o‘tadi
2026-07-15 16:20:00 / Yangiliklar

Ilmiy stajirovkaning asosiy maqsadi yosh olimning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy tadqiqot metodlarini o‘zlashtirish va ularni O‘zbekistonda ilmiy hamda ta’lim jarayonlariga tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.
Stajirovka davomida Feruzbek Raximov aqlli shaharlarni boshqarish, raqamli boshqaruv tizimlari, yashil infratuzilma, barqaror rivojlanish hamda innovatsion texnologiyalarni shahar muhitiga joriy etish bo‘yicha Malayziya tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Olingan bilim va ko‘nikmalar kelgusida ushbu yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, stajirovka doirasida Malayziyalik olimlar bilan ilmiy aloqalar o‘rnatildi. Tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro ilmiy loyihalarda hamkorlik qilish hamda Scopus bazasida indekslanuvchi ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Amaliy mashg‘ulotlar doirasida yosh olim Malayziyaning Meraque dron texnologiyalari kompaniyasida ham malaka oshirdi. Bu yerda zamonaviy dronlarni loyihalash va ulardan qishloq xo‘jaligi hamda ekologik tadqiqotlarda foydalanish bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.
Xususan, dron texnologiyalari yordamida tuproq va agroekotizim holatini masofadan monitoring qilish, vegetatsiya indekslari (NDVI), tuproq namligi va sho‘rlanish darajasini aniqlash usullari o‘rganildi. Shuningdek, agrodronlar orqali o‘g‘it va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini aniq me'yorda qo‘llash texnologiyalari bilan tanishildi. Bu yondashuv resurslardan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va degradatsiya jarayonlarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yosh olimning ta'kidlashicha, stajirovka davomida olingan tajriba Urganch davlat universitetida ta'lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni ilmiy izlanishlarga joriy etishga xizmat qiladi.
Stajirovka yakunida Feruzbek Raximovga dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etganini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida: mazkur ilmiy stajirovka Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.


