Faol va iqtidorli yoshlar taqdirlandi
2026-06-25 20:20:00 / Yangiliklar
25-iyun kuni “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida “30-iyun — Yoshlar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
























Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Asror Norov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari va professor-o‘qituvchilari, shuningdek, bir qator vazirlik va idoralar vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlarni yaqinlashib kelayotgan “Yoshlar kuni” bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida mamlakat taraqqiyotida yoshlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, ularga ilmiy va innovatsion faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Akademik harakatchanlik” dasturi, “Bo‘lajak olim”, “Kelajak muhandislari”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” hamda boshqa respublika miqyosidagi ilmiy-innovatsion tanlovlar, olimpiadalar, festivallar va musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan, innovatsion tashabbuslari bilan ajralib turgan 21 nafar iqtidorli yoshlar “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir yoshlarning ilm-fan va innovatsiyalarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qildi.