Yosh olimning genomika va bioxavfsizlik yo‘lidagi izlanishlari
2026-06-16 15:55:00 / Yangiliklar

Yosh olim yaqinda Tatariston Respublikasining Qozon Federal universiteti Fundamental tibbiyot va biologiya institutida “Qishloq xo‘jaligi xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlarida GMOni aniqlash” mavzusidagi to‘rt haftalik xalqaro ilmiy stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlab, yurtimizga qaytdi. Mazkur stajirovka nafaqat uning ilmiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi, balki bioxavfsizlik va genomika yo‘nalishlarida xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda istiqbolli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkonini ham yaratdi.
Farxod Radjapov tadqiqotining markazida zamonaviy molekulyar biologiya va gen muhandisligi texnologiyalari turadi. Xususan, u qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat tarkibida genetik jihatdan o‘zgartirilgan organizmlarni aniqlashning zamonaviy usullari, genom tahlili hamda bioinformatsion yondashuvlarning imkoniyatlarini chuqur o‘rganmoqda.
Bugungi kunda molekulyar-genetik texnologiyalar GMO nazorati va bioxavfsizlikni ta’minlashning eng muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Ular yordamida mahsulotlar tarkibidagi genetik o‘zgarishlarni aniqlash, biologik namunalarning genetik tarkibini tahlil qilish hamda xavfsizlik monitoringini samarali tashkil etish mumkin.
Avvallari murakkab va ko‘p vaqt talab qiladigan laboratoriya tahlillari bugungi zamonaviy texnologiyalar yordamida ancha tez va aniq bajarilmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati korxonalari mahsulotlar sifatini nazorat qilish, bioxavfsizlik talablariga rioya etish hamda xalqaro standartlarga mos faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
— Stajirovka davomida nuklein kislotalarni ajratib olish va tahlil qilishning zamonaviy usullari, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) texnologiyalarining turli modifikatsiyalari hamda real vaqt rejimidagi PZR asosida GMOlarni aniqlash metodlari batafsil o‘rganildi. Shuningdek, rekombinant DNK texnologiyalari, genomni tahrirlashning innovatsion vositalari, jumladan CRISPR/Cas9 tizimi bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi. Bioinformatsion ma’lumotlar bazalari yordamida nukleotid ketma-ketliklarini tahlil qilish va genomik ma’lumotlarni qayta ishlash usullari ham o‘zlashtirildi. Bu bilimlar bioxavfsizlik nazoratini takomillashtirish va zamonaviy genetik tadqiqotlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi yosh olim.
Farxod Radjapovning ilmiy qarashlarida xalqaro ilmiy hamkorlik ham alohida o‘rin tutadi. Stajirovka davomida Qozon Federal universiteti rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yangi avlod sekvenirlash texnologiyalari (NGS) asosida genom tadqiqotlarini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Yosh tadqiqotchining fikricha, ilm-fan taraqqiyoti xalqaro tajriba va hamkorlik orqali yanada jadallashadi.
Qozonda orttirilgan tajriba, o‘zlashtirilgan zamonaviy laboratoriya metodlari va erishilgan ilmiy hamkorlik kelishuvlari kelajakda O‘zbekistonda bioxavfsizlik tizimini takomillashtirish, GMO nazoratini kuchaytirish hamda genomika va bioinformatika sohalarida yangi ilmiy yutuqlarga erishishda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa mamlakatimiz agrar sektori va ilm-fanining innovatsion rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.








