“Sportni sev, sport bilan yasha!” — Innovatsion rivojlanish agentligida chorshanba sport kuni
2026-06-11 22:30:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, xodimlarning jismoniy faolligini oshirish hamda sport madaniyatini rivojlantirish maqsadida haftaning chorshanba kuni “Sport kuni” sifatida o‘tkazilmoqda.
“Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida tashkil etilayotgan sport mashg‘ulotlarida Agentlik direktori v.v.b A.Norov xodimlarga shaxsiy namuna ko‘rsatib, ular bilan birgalikda muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanmoqda. Bu esa jamoada sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Sport kunlari doirasida xodimlar turli jismoniy mashqlar, stol tennisi, shaxmat, shashka va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanib, faol dam olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mazkur tashabbus nafaqat jismoniy salomatlikni mustahkamlash, balki jamoada hamjihatlik va yuqori kayfiyat muhitini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Agentlik xodimlari uchun mavjud sport infratuzilmasidan tashqari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti bilan kelishgan holda mazkur oliy ta’lim tashkilotlarning sport maydonlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Innovatsion rivojlanish agentligida sportni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish, sog‘lom va faol jamoani shakllantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Chorshanba sport kunlari esa bu yo‘nalishdagi muhim tashabbuslardan biri sifatida xodimlarni sog‘lom turmush tarziga chorlamoqda.









