Yosh olimning yashil kelajak sari izlanishlari
2026-06-10 14:05:00 / Yangiliklar

Yosh olim yaqinda Malayziyaning nufuzli Sultan Idris universitetida “Green Economy and Environmental Education” yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro ilmiy stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlab, yurtimizga qaytdi. Mazkur stajirovka nafaqat uning ilmiy salohiyatini yanada boyitdi, balki O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan yangi ilmiy va amaliy g‘oyalarni shakllantirish imkonini ham berdi.
Sarvar Abduraxmonov tadqiqotining markazida zamonaviy raqamli texnologiyalar turadi. Xususan, u dronlar (UAV), raqamli ekologik monitoring tizimlari va sun’iy intellekt asosidagi yechimlarning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Bugungi kunda dronlar oddiy uchuvchi qurilma emas, balki qishloq xo‘jaligi uchun muhim tahliliy vositaga aylanib bormoqda. Ular yordamida katta maydonlardagi ekinlarning holatini qisqa vaqt ichida kuzatish, tuproq namligini aniqlash, sho‘rlanish darajasini baholash va o‘simliklarning rivojlanish holatini tahlil qilish mumkin.
Avvallari bunday ma’lumotlarni yig‘ish uchun kunlar, ba’zan esa haftalar talab etilgan bo‘lsa, bugungi texnologiyalar bu jarayonni bir necha soat ichida amalga oshirish imkonini bermoqda. Natijada fermerlar suv, o‘g‘it va boshqa resurslardan aniq va samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
—Tadqiqot davomida raqamli ekologik monitoring tizimlarining afzalliklari ham batafsil o‘rganildi. Ushbu tizimlar yer, suv va o‘simliklar holati haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ib, tahlil qilish imkonini beradi. Sun’iy intellekt texnologiyalari esa to‘plangan ma’lumotlar asosida muammolarni oldindan aniqlashga yordam beradi. Masalan, ekinlarda kasallik tarqalishi yoki tuproq degradatsiyasi xavfi yuzaga kelayotgan bo‘lsa, tizim bu haqda oldindan signal berishi mumkin. Bu esa nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki ekologik muvozanatni saqlashga ham xizmat qiladi. Zero, zamonaviy qishloq xo‘jaligining asosiy maqsadi ko‘proq hosil olish emas, balki tabiatga zarar yetkazmagan holda yuqori natijalarga erishishdir, - deydi yosh olim.
Sarvar Abduraxmonovning ilmiy qarashlarida ekologik ta’lim alohida o‘rin egallaydi. Chunki har qanday texnologik yangilikning muvaffaqiyati, avvalo, insonlarning ekologik madaniyati va bilim darajasiga bog‘liq. Shu sababli yosh tadqiqotchi yashil iqtisodiyot tamoyillarini ta’lim tizimiga keng joriy etish, yoshlar orasida ekologik mas’uliyatni kuchaytirish hamda innovatsion texnologiyalarni o‘qitish jarayonlariga integratsiya qilish zarurligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, ekologik ta’lim va raqamli texnologiyalar birlashgan taqdirdagina jamiyatda barqaror rivojlanish madaniyati shakllanadi. Bu esa kelajak avlodning ekologik ongli va zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Malayziyada orttirilgan tajriba, o‘rganilgan innovatsion texnologiyalar va ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy takliflar kelajakda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, ekologik muammolarni bartaraf etish hamda barqaror rivojlanishga erishishda muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.


