Davlatobod innovatsion tumanida istiqbolli biotexnologik loyiha o‘rganildi
2026-06-03 20:40:00 / Yangiliklar

Bugun Namangan viloyati Innovatsion rivojlanish bo‘linmasi xodimlari hamda Davlatobod tumani hokimining innovatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari X.Abdumalikov ishtirokida hududda amalga oshirilayotgan istiqbolli innovatsion loyihalar o‘rganildi.
Jumladan, Davlatobod tumanidagi Yoshlar va tadbirkorlik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “NAM BIOTEST” MChJning innovatsion faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
“NAM BIOTEST” MChJ in-vitro diagnostika (IVD) yo‘nalishiga ixtisoslashgan biotexnologik korxona bo‘lib, yurak-qon tomir, jigar va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari, yuqumli kasalliklar, yallig‘lanish jarayonlari hamda giyohvandlik vositalarini aniqlashga mo‘ljallangan zamonaviy diagnostik mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda.
Korxona faoliyatidagi muhim yutuqlardan biri sifatida mahsulotlar assortimenti 11 turdan 74 turga yetkazilgani qayd etildi. Bu esa korxonaning ilmiy salohiyati va ishlab chiqarish quvvatlari izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.
Tashrif davomida korxonada ishlab chiqarilayotgan diagnostik mahsulotlarning amaliy samaradorligi ham namoyish etildi. Xususan, gepatit B kasalligini aniqlashga mo‘ljallangan ekspress test sinov tariqasida o‘tkazilib, natijalarning qisqa vaqt ichida olinishi va mahsulotning amaliy qo‘llash imkoniyatlari joyida ko‘rib chiqildi.
Mutaxassislar tomonidan testlarning tezkorligi, aniqligi hamda zamonaviy diagnostika talablariga mosligi yuqori baholandi. Ta’kidlanganidek, bunday mahalliy innovatsion mahsulotlar sog‘liqni saqlash muassasalarini sifatli diagnostik vositalar bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini oshirish hamda tibbiyot sohasiga innovatsion yechimlarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, uchrashuv davomida loyiha samaradorligi, mahalliylashtirish darajasi, ishlab chiqarish quvvatlari va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Mutaxassislar tomonidan mazkur loyiha hududda biotexnologiyalar yo‘nalishini rivojlantirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sog‘liqni saqlash tizimiga innovatsion texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etildi.



