Ilm-fan va innovatsiyalar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-06-03 19:35:00 / Yangiliklar

2026-yil 3-iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilm-fan va innovatsiyalar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari, fan yo‘nalishlari bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashlar (ITK) raislari va kotiblaridan iborat qariyb 50 nafar soha vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari, Ilm-fan va innovatsiyalar kengashi raisi O‘ktam Salomov ochib berdi.
Kirish so‘zida Kengashning yangilangan tarkibi tanishtirildi. Shuningdek, davlat ilmiy dasturlari doirasida tanlovlarni tashkil etish hamda ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning bugungi holati yuzasidan ma’lumot berildi.
Yig‘ilish davomida davlat ilmiy dasturlari doirasidagi loyihalarni saralash va moliyalashtirish jarayonlari atroflicha muhokama qilindi. Innovatsion rivojlanish agentligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi A. Norov mazkur jarayonlarni tahlil qilib, Ilmiy-texnik kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammo va kamchiliklarga to‘xtaldi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan Ilmiy-texnik kengash vakillari o‘z yo‘nalishlarida ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy loyihalar samaradorligini oshirish va sohadagi mavjud masalalarni hal etishga qaratilgan amaliy taklif hamda mulohazalarini bildirdilar.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan Ilmiy-texnik kengashlar raislari va kotiblarining qo‘shimcha fikr-mulohazalari tinglandi.
Kengash raisi O‘ktam Salomov muhokamalarni yakunlar ekan, ilmiy loyihalarning shaffofligini ta’minlash, tanlovlar sifatini yanada oshirish hamda sohadagi muammolarni tezkor hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va vazifalarni belgilab berdi.
Ma’lumot uchun, mazkur yig‘ilish mamlakatda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, davlat ilmiy dasturlarini takomillashtirish hamda innovatsion g‘oyalarni tizimli moliyalashtirish mexanizmlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.







