Yosh olimning xalqaro tajribasi energiya tejamkorligiga xizmat qiladi
2026-06-02 17:35:00 / Yangiliklar

Sanoatda energiya sarfini kamaytirish bugun nafaqat iqtisodiy, balki strategik vazifalardan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarimizdan biri — Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Elektr ta’minoti kafedrasi tayanch doktoranti Nuralibek Rashidovdir.
U yaqinda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi moliyalashtirgan xalqaro ilmiy stajirovka doirasida Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti huzuridagi “Kiber Avto Tex” ilg‘or muhandislik maktabida malaka oshirib qaytdi.
Nuralibek Rashidovning ilmiy tadqiqotlari sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish, xususan, elektr motorlarining ish unumdorligini yaxshilashga qaratilgan.
— Stajirovka davomida elektr motorlarini 3D modellashtirish, ularning elektromexanik xususiyatlarini tahlil qilish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordim. Shu bilan birga, energiya tejovchi intellektual boshqaruv algoritmlarini ishlab chiqish ustida ishladim, — deydi tadqiqotchi.
Xorijiy stajirovka yosh olim uchun zamonaviy sanoat texnologiyalari bilan yaqindan tanishish imkonini ham berdi. U tadqiqotlar davomida KUKA va Eidos Robotics sanoat robotlari yordamida texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, robotlarni raqamli boshqaruv asosida sinxron ishlatish mexanizmlarini o‘rgandi.
Shuningdek, R-PRO Digital platformasida raqamli egizak (Digital Twin) texnologiyasi asosida ishlab chiqarish jarayonlarini modellashtirish, resurslardan samarali foydalanish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlar ustida ish olib bordi.
Yosh olimning ta’kidlashicha, stajirovka davomida orttirilgan bilim va ko‘nikmalar mamlakatimizda sanoat tarmoqlarining energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish hamda zamonaviy muhandislik yechimlarini joriy etishga xizmat qilishi mumkin.
Bugun ilm-fan va innovatsiyalarga sarmoya kiritishning eng muhim natijasi ham shu — yangi binolar yoki laboratoriyalar emas, balki dunyo tajribasini o‘rganib, uni mamlakat taraqqiyotiga tatbiq eta oladigan mutaxassislar yetishib chiqishidir.
Nuralibek Rashidovning Qozondagi stajirovkasi ana shunday sa’y-harakatlarning amaliy namunasidir.



