Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va yashil innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha yirik xalqaro hamkorlikka rasmiy start berildi.
2026-05-25 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 23-may kuni Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b. Asror Norov hamda Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) bosh direktori, doktor Tarifa Al Zaabi o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uhrashuv davomida Orolbo‘yi hududi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Orolbo‘yi mintaqasida global iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi va tuproq sho‘rlanishi kabi o‘tkir muammolarga qarshi birgalikda kurashish hamda hududda yashil innovatsiyalarni keng joriy etishga qaratilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Hamkorlik doirasida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymat zanjirini rivojlantirish va tijoratlashtirishga qaratilgan fermerlar hamda agrotadbirkorlar akselerator dasturi” loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasining beg‘araz ko‘magi (granti) hisobidan moliyalashtiriladi.
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tortib, ularni qayta ishlash va tayyor bozorga chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarini (qiymat zanjirini) zamonaviylashtirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, biodehqonchilik yo‘nalishidagi ilmiy ishlanmalarni biznesga joriy etish va agrar startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda fermerlar, yosh mutaxassislar va agro-tadbirkorlar uchun ICBA xalqaro ekspertlari ishtirokida maxsus o‘quv-akseleratsiya tizimini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Ushbu hamkorlik Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.


