#Matbuot_sahifalarida
2026-05-21 10:55:00 / Yangiliklar

ZAMONAVIY DASTUR VAQTNI TEJAB, ANIQLIKNI OSHIRYAPTI
U orqali endilikda oshqozon saratonining ertaroq oldini olish mumkin
Har qanday qulaylik, yangi gʻoyalar qiyinchiliklarga yechim sifatida dunyoga keladi. Amerikalik taniqli aktrisa Jessika Alba ham bolaligidan allergik kasalliklardan aziyat chekkani bois, oʻzining kimyoviy moddalardan xoli, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga asos solgan. Aytmoqchi boʻlganimiz — inson hayotiga, sogʻliqqa daxldor muammolarni yengillashtiradigan loyihalar amaliyotga tez tatbiq etiladi. Zero, dardning yaxshi-yomoni yoʻq.
Oddiy deb biladiganimiz — allergiya, kundalik bosh ogʻrigʻining ham oldini olmasak, ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bugungi kunda kasalliklarni barvaqt aniqlash usullari ustida koʻplab izlanishlar qilinyapti.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublikamiz miqyosida oʻtkazib kelinayotgan Olima ayollar forumi doirasida oʻtgan yili oshqozon saratonini barvaqt aniqlovchi loyiha 710 million soʻmlik grantga loyiq koʻrilgan. Bugun u innovatsion yechimga aylandi. Zero, loyihaga yoʻnaltirilgan mablagʻ tibbiy tahlil jarayonini yangi bosqichga olib chiqishga, erta tashxis qoʻyish imkoniyatlarini qariyb 20 foiz oshirishga xizmat qila boshladi. U orqali oshqozonning endoskopik tasvirlari chuqur tahlil qilinib, nafaqat saratonga xos oʻzgarishlar, balki boshqa patologik holatlar ham aniqlanmoqda. Tizim inson koʻzi ilgʻamaydigan mayda detallarni ajratib koʻrsata olishi bilan ahamiyatli.
Dunyo miqyosida oshqozon saratoni tarqalishi va oʻlim darajasi boʻyicha 5-oʻrinda, Oʻzbekistonda esa 2-oʻrinda turadi. Ushbu kasallik bir kunda yoki toʻsatdan paydo boʻlmaydi. U uzoq vaqt davom etadigan kasalliklar va omillar natijasida bosqichma bosqich rivojlanadi. Surunkali gastrit (oshqozon yalligʻlanishi) oshqozon yarasiga aylanadi, oshqozon shilliq qavati ingichkalasha boshlaganidan soʻng hujayralar nazoratsiz tarzda koʻpayib, oʻsma hosil qiladi. Loyiha shu maʼnoda ham muhim sanalib, saratonni erta aniqlash va tibbiyotda sunʼiy intellektdan keng qamrovli foydalanish borasidagi vazifalarga aynan mos. Asosiy maqsad — tasvirlarga raqamli ishlov berish, endoskopik videotasvirlarda oshqozon yaralari va saratonini algoritmlari va dasturiy vositasini ishlab chiqish orqali gastroenterologiyada tashxislash sifatini oshirish. Soddaroq aytadigan boʻlsak, dastur oshqozon yaralari va saratonni tanib olish va aniqlash sifatini oshirishga hamda shifokor tomonidan oʻtkazib yuborilishi mumkin boʻlgan holatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
— Dasturni ishlab chiqish gʻoyasi gastroenterologlar faoliyatida koʻproq uchraydigan qiyinchiliklar, xususan, aniq tashxis qoʻyish bilan bogʻliq muammolar sabab tugʻildi, — deydi loyiha rahbari Kamola Abdurashidova.
— Loyihamiz doirasidagi dasturni shu yil mart oyida yakuniga yetkazdik va yaxshi natijalar oldik. Ayni paytda u shifokorlarga oshqozon ichak kasalliklarini aniqlashda yordam beryapti. Hozirgacha taxminan yuzdan ortiq bemorda qoʻllanildi. Anʼanaviy usuldagi tashxis vaqti 20-30 daqiqa boʻlsa, dastur bilan 5-7 daqiqada tashxis qoʻyishga erishilyapti.
Toʻgʻri, dastur shifokorning oʻrnini bosolmaydi, biroq oʻsha mutaxassisga tezkor va aniq qaror qabul qilishda yordamchi hisoblanadi.
Loyiha ustida shifokor, kichik va katta ilmiy xodimlardan iborat oʻnga yaqin ayol bir jamoa boʻlib ishladi. Bu nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlab, dasturning ishonchliligini yanada mustahkamlashda muhim omil boʻldi. Loyiha rahbari dotsent Kamola Abdurashidova Buyuk Britaniyaning Olster universitetida tibbiyotda sunʼiy intellektdan foydalanish borasidagi ishlar bilan ham tanishdi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ilmiy-pedagogik kadrlar tay yorlash boʻlimi boshligʻi sifatida ishlab kelayotgan qahramonimiz ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanish barobarida oliygohning kompyuter tizimlari kafedrasida dars beradi. Shuning uchun unga chet eldagi universitetda oshqozon saratonini aniqlashdagi ilmiy yangiliklar va erishilgan natijalar yuzasidan maʼruza oʻqish qiyin kechmadi. Olima, shuningdek, Olster universiteti bilan PhD dasturlari boʻyicha grantlar olish, Computer Science, Game Development yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish kabi ishlar yuzasidan muzokaralar oʻtkazdi. Yaqinda hamkorlar ham Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi. Ilmiy tadqiqotlar yuzasidan fikr va tajriba almashilib, qoʻshimcha kelishuvlarga erishildi. Ajabmaski, bu hamkorlik yaqin kelajakda yana koʻplab kasalliklarni barvaqt aniqlash borasidagi dasturlarga xizmat qilsa. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida olima ayollar safi tobora kengayib boryapti. Birgina Olima ayollar forumida oliygohning 4 olima ayoli loyihalari uchun grant yutib olgani buning isboti. Koʻkrak bezi saratonini sunʼiy intellekt yordamida barvaqt aniqlovchi dastur ham aynan shu oliygoh olimasi boshchiligidagi xayrli ishlardan biri boʻlgandi. Oshqozon saratonini barvaqt aniqlash borasidagi loyiha ishtirokchilaridan biri Sayyora Iskandarovaning aytishicha, har bir professor oʻqituvchi oʻzining ilmiy ish yoʻnalishiga ega boʻlishi kerak. Buning uchun bugun barcha sharoitlar mavjud. Ilm-fan bilan shugʻullanayotgan ayollar alohida qoʻllab-quvvatlanyapti. Shunday imkoniyatlar davrida u yaxshi bir dasturni yaratishga taklif etilganidan minnatdor. — Mazkur loyiha bilan koʻplab ijobiy natijalarga erishdik, — deydi Sayyora Iskandarova. — Shifokor bemorni tekshirayotgan vaqtda zondni ikki-uch marta yuttirishga, oʻsha videotasvirni qayta-qayta koʻrishga majbur boʻladi. Dasturimiz esa videotasvirlarni kompyuterga yozib, ularni oʻzi tahlil qilib beradi. Bu shifokorning ham, bemorning ham vaqtini olmaydi. Agar shifokor yosh, tajribasizroq boʻlsa yoki charchagan holatida ham sunʼiy intellekt modellari uning xato qilishiga yoʻl qoʻymaydi.
Loyiha yetakchisi esa dasturning eng ahamiyatga molik jihati tizimning oʻz-oʻzini rivojlantirish imkoniyati borligida deya baholadi. Aslida ham bu eng muhim jihat. Dasturdan qancha koʻp foydalanilsa, u shunchalik takomillashib, rivojlanib boradi. Endoskopdan olingan tasvirlar qancha koʻp yuklansa, sunʼiy intellekt oʻzini oʻzi oʻqitib, tashxis qoʻyish aniqligini 100 foizgacha oshirishi mumkin.
— Kasallikning boshlangʻich holatlarda aniqlanishi unga oldinroq davo choralari koʻrilib, keyingi ogʻir holatlarga oʻtmasligini taʼminlaydi, — deydi suhbat soʻngida Kamola Abdurashidova. — Bunday imkoniyatning borligi ham bir baxt, aslida. Xayrli ishlarga sababchi boʻlish bizga juda katta masʼuliyat beradi. Sogʻayib ketishi aniq boʻlgan bemorlar bilan biz ham baxtni birdek his qilamiz. Zero, har qanday loyiha ishtirokchilari uchun eng muhim natija texnologiya emas, inson hayoti. Birgina bemorning sogʻligʻini asrashga xizmat qilgan loyiha ham mualliflar uchun katta yutuq hisoblanadi.
Ezgu niyatda jamlangan bitta jamoaning mehnati bilan yuzlab, minglab insonlar sogʻligʻi tiklanar ekan, bunday jamoalar kun sayin koʻpayishi kerak. Ularga har qancha grantlar ajratilsa, mehnatlari har qancha eʼzozlansa kam. Intellektual salohiyatli ayollarimiz koʻpayaversin. Ajabmas, qizlarimizni oʻqitish orqali jamiyatga qanday foyda keltirishimiz mumkinligini ular timsolida yanada teranroq anglab borsak.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

